
Ortiqxo‘jayev Prezidentga Zominda qurayotgan zavodi haqida ma’lumot berdi
22.07.2025 | 19:403593
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi va Ortiqxo‘jayevga O‘zbekistonni mintaqaviy «elektrotexnika xabi»ga aylantirish vazifasini qo‘ydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
«Bu yo‘nalish bo‘yicha yurtimizda katta salohiyat bor. Davlatimiz rahbari bu sur’atni davom ettirib, milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, O‘zbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish vazifasini qo‘ygan», - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Zomindagi zavod buning bir qismi bo‘ladi.
Muhimi, yillik ishlab chiqarish hajmi 320 million dollar bo‘ladi. Shundan 140 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.
Sanoat parkida tayyorlangan mahsulotlar Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.
Hozirgi o‘zgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning o‘zida qolipxona ham tashkil etiladi. Zamonaviy logistika markazi orqali mahsulotlar xaridorga izchil yetkazib beriladi.
Bundan tashqari, sanoat parkida «Avtosanoat» AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan. «Navoiy» maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektarda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar. Bu yerda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. 100 turdagi mahsulotlar natijasida mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetadi.
Bundan tashqari, sanoat parkida «Avtosanoat» AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.





