
Osiyo taraqqiyot banki va ACWA Power Nukusda shamol elektr stansiyasi qurishadi
08.09.2025 | 16:1518304
Qoraqalpog‘istondagi «Nukus-2» loyihasi doirasida 200 MW quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 100 MWh akkumulyator tizimi barpo etiladi.

Osiyo taraqqiyot banki va Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi «Nukus-2» shamol elektr stansiyasi uchun 51 mln dollarlik kredit shartnomasi imzoladi. Loyiha Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida amalga oshiriladi va Markaziy Osiyoda akkumulyator tizimiga ega ilk kommunal miqyosdagi shamol energetika inshooti bo‘ladi.
200 MW quvvatdagi shamol elektr stansiyasi va 100 MWh lik energiya saqlash tizimi ACWA Power’ning «Beruniy Wind» kompaniyasi tomonidan quriladi. Yiliga 727,98 ming MWh qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu orqali atmosferaga chiqadigan uglerod gazi miqdori 406,17 ming tonnaga kamayishi va qurilish hamda ekspluatatsiya jarayonlarida 200 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi mumkin.
Moliyalashtirishning 25,4 mln dollari OTBning o‘z mablag‘laridan, yana shunchasi esa Leading Asia’s Private Infrastructure Fund 2 jamg‘armasidan ajratilgan. Qolgan mablag‘lar Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Niderlandiyaning FMO banki, Standard Chartered Bank va Saudiyaning eksport-import banki hissasiga to‘g‘ri keladi. OTB bundan tashqari 7,5 mln dollarlik kredit kafolati ham taqdim etgan.
ABRning O‘zbekistondagi doimiy vakili Kanokpan Lao-Arayning ta’kidlashicha, «Nukus-2» loyihasi mamlakatni past uglerodli energetikaga o‘tishda muhim bosqich hisoblanadi. Loyiha milliy energetika tizimini barqarorlashtiradi va 2030 yilgacha energiya balansida qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 54 foizga yetkazish maqsadiga xizmat qiladi.
«Nukus-2» O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan energetika strategiyasiga mos keladi. U 25 GW quvvatgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi generatsiyani rivojlantirish, yalpi ichki mahsulotga nisbatan uglerod izini 35 foizga kamaytirish kabi maqsadlarga yo‘naltirilgan. Loyiha OTBning iqlim barqarorligi, gender tengligi va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlariga ham to‘liq mos keladi.





