add

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 19 o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi

Bugun 11:251571

Rossiyaning Yekaterinburg, Moskva, Volgograd va boshqa shaharlarda ota-onasi qaramog‘isiz qolgan 19 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 19 o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumoticha, Rossiyaning turli shaharlarida ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va ijtimoiy muassasalarda saqlanayotgan 19 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, nazoratsiz qolgan yoki og‘ir ijtimoiy ahvoldagi yana 16 nafar voyaga yetmagan bola ham vatanga olib kelingan.

Bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini aniqlash, ular uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tashkiliy masalalarni hal etish ishlari Rossiyaning vakolatli organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Har bir bolaning sog‘lig‘i, psixologik holati va huquqiy himoyasi bo‘yicha choralar ko‘rilgan.

«Dunyo» agentligining aniqlik kiritishicha, bolalar Yekaterinburg, Volgograd, Ufa, Nijniy Novgorod, Moskva viloyati, Xakasiya, Maxachqal’a va Novosibirsk shaharlaridan kelgan. Shuningdek, Sankt-Peterburg va Chelyabinskda og‘ir ahvolda bo‘lgan bolalar aniqlanib, yurtimizga qaytarilgan.

O‘zbekistonga qaytarilgan bolalarni “Inson” markazlari va himoya agentligi xodimlari qabul qilib olgan. Ularga muqobil joylashtirish, psixologik reabilitatsiya, ta’lim tizimiga qo‘shish hamda oilaga qaytarish bo‘yicha kompleks yordam ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, mahalla tizimi orqali ijtimoiy moslashuv va kuzatuv ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yil 30 iyuldan 30 avgustgacha o‘tkazilgan «Vatanga qaytarish» xayriya aksiyasi doirasida 15 ta davlatdan 1300 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgan bo‘lib, ularning 438 nafari bolalardir. Eng ko‘p fuqarolar — 993 nafar kishi — Rossiyadan keltirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan 19 o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi | Vaqt.uz