OTB Markaziy Osiyoda chegara punktlari uchun 1 mln dollar ajratdi

Bugun 15:402 daqiqa

Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasidagi tashabbus logistikadagi kechikishlar va xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan.

OTB Markaziy Osiyoda chegara punktlari uchun 1 mln dollar ajratdi © vaqt.uz

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) «Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik» dasturi doirasida yangi avlod chegara o‘tish punktlarini rivojlantirish loyihasi uchun umumiy qiymati 1 mln dollarlik texnik yordamni tasdiqladi.

Loyihada quyidagi davlatlar ishtirok etmoqda: Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston. Moliyalashtirish OTBning maxsus texnik yordam jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Texnik yordamning asosiy maqsadi – OTB va uning a’zo rivojlanayotgan davlatlariga, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlariga, chegara o‘tish punktlarini zamonaviylashtirishda yordam berishdir. Bu jarayonda innovatsion va ekologik barqaror yechimlardan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, «Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik» dasturi transport yo‘laklari bo‘ylab kichik, alohida loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan BUILD mexanizmi asosida chegara infratuzilmasi loyihalarini tayyorlash uchun platforma sifatida xizmat qiladi.

Yordam nimalarni o‘z ichiga oladi?

Ushbu texnik yordam doirasida quyidagilar nazarda tutilgan: loyiha hujjatlarini tayyorlash, BUILD mexanizmi asosida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yangi metodologiya ishlab chiqish, shuningdek, ishtirokchi davlatlar mutaxassislarini chegara o‘tish punktlarini boshqarish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha o‘qitish.

Osiyo taraqqiyot banki 2010-yildan beri har yili «Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik» dasturi transport yo‘laklari bo‘ylab avtomobil va temiryo‘l orqali yuk tashishdagi vaqt va xarajatlarni monitoring qilib kelmoqda. Ushbu kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, chegara o‘tish punktlari hanuzgacha transchegaraviy savdo va logistikadagi asosiy «tor joylar» bo‘lib qolmoqda.

Mintaqada transport tarmog‘i samaradorligini pasaytiruvchi va savdo xarajatlarini oshiruvchi asosiy omillar quyidagilardan iborat:

— milliy transport idoralari va chegara boshqarmalari o‘rtasida (ham davlat ichida, ham qo‘shni mamlakatlar bilan) institutsional muvofiqlashuvning yetarli emasligi;

— infratuzilma va uskunalarning eskirgani;

— chegara o‘tish punktlarining muntazam yoki vaqtincha yopilishi;

— bojxona, migratsiya, sanitar va fitosanitar nazorat, shuningdek xavfsizlik tekshiruvlarida samarasiz va bir-birini takrorlovchi jarayonlar;

— qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb etish uchun xususiy investitsiyalar yetishmasligi.

Teglar

Mavzuga oid