add

OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi

Tadbirkorlarga imtiyozli kredit ajratishda har bir mlrd so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchini ishga olish sharti qo‘yiladi.

OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi

3 noyabrdagi 328-sonli prezident qarori bilan «Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratish belgilandi. Bunda imtiyozli kredit tadbirkorlarga har bir mlrd so‘m qiymatgacha bo‘lgan mablag‘ uchun kamida 1 nafar bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan ajratiladi.

Kredit ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga asosiy vositalar sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratiladi.

Tadbirkor uning imtiyozli kredit olishiga sabab bo‘lgan bitiruvchi o‘rtasida 2 yil davomida mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan taqdirda, kredit foizi mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan sanadan tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi. Biroq, bundan ushbu xodim o‘rniga 1 oy muddatda boshqa bitiruvchi ishga qabul qilingan hollar mustasno.

Shuningdek, bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi tashkil etiladi. Tanlov g‘oliblariga kamida 2 nafar bitiruvchini ishga olish majburiyati bilan 1 mlrd so‘mgacha grant ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq harbiy OTM bitiruvchilari ofitser lavozimlarida 5 yil davomida xizmat o‘tamasa, o‘qitish mablag‘lari undirib olinishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

OTM bitiruvchilarini ishga olgan tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi | Vaqt.uz