add

Ovoz evaziga pul: vazirlik «Open budget»da firibgarliklar haqida ogohlantirdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Tashabbusli byudjet» doirasidagi ovoz berish jarayonlarida kuzatilayotgan noqonuniy pul takliflari va firibgarlik sxemalari haqida ogohlantirdi.

Ovoz evaziga pul: vazirlik «Open budget»da firibgarliklar haqida ogohlantirdi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborotiga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Tashabbusli byudjet» loyihalariga ovoz berish evaziga pul yoki moddiy mukofotlar va’da qiluvchi Telegram-botlar faollashgan. Lekin aksar hollarda va’da qilingan mablag‘lar berilmayotgani bo‘yicha fuqarolar vazirlikka yuzlab shikoyatlar yo‘llamoqda. Rasmiy баёнотda ta’kidlanishicha, ushbu sxemalarda shaxslar ovoz to‘plash maqsadida pul yoki moddiy qimmatliklar va’da qilgan, keyin esa mukofotni bermagan hollar qayd etilmoqda. Bu kabi harakatlar firibgarlik deb baholanishi mumkin. Vazirlikning ta’kidlashicha, «Tashabbusli byudjet»da ovoz berish faqat «Ochiq byudjet» portali, mobil ilovalar va Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ovoz berish bepul va hech qanday moddiy rag‘bat yoki to‘lov ko‘zda tutilmagan. Ovoz berish jarayoni 31 avgust kuni soat 23:59 gacha davom etadi. Vazirlik fuqarolarni firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslikka, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslikka chaqirdi. «Mukofot uchun emas, o‘zgarish uchun ovoz bering», deyiladi vazirlik bayonotida. Avvalroq, «Tashabbusli byudjet» dasturining 2025 yilgi ikkinchi mavsumida 2024 yilning ikkinchi va 2025 yilning birinchi mavsumlarida ketma-ket g‘olib bo‘lgan 823 ta mahallaga ishtirok etishda tanaffus berilishi xabar qilingan edi. Shuningdek, Andijonning Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlari «Tashabbusli byudjet»ning 2-mavsumida ovoz berish jarayonlaridan to‘liq chetlatilgan edi. Ushbu tumanlarda ishchi komissiyalar tomonidan loyihalar asossiz rad etilgani aniqlangan.  

Teglar

Mavzuga oid

Ovoz evaziga pul: vazirlik «Open budget»da firibgarliklar haqida ogohlantirdi | Vaqt.uz