
«Ovoz» loyihasi plagiat uchun ogohlantirildi
12.08.2025 | 19:4035542
Adliya vazirligi 2 mlrd so‘mlik «Ovoz» loyihasida mualliflik huquqi buzilganini aniqlab, mas’ullarga ogohlantirish berdi.

O‘zbekiston Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati marhum Sherali Jo‘rayev ijodidagi «Qora ko‘zli sanamjon» qo‘shig‘i huquq egasi yoki vakolatli shaxslar ruxsatisiz «TALENT SHOW» MCHJning «Ovoz» loyihasida ishlatilgani haqida murojaat qildi.
Tekshiruvda asar YouTube’dagi «The voice of Uzbekistan» kanali orqali keng ommaga taqdim etilgani aniqlandi. Bu holat mualliflik huquqi buzilishi sifatida baholandi.
Qo‘shiq tekshiruvdan oldin tarmoqdan o‘chirilgani bois vazirlik ogohlantirish bilan cheklandi. Mas’ullarga kelgusida qonun talablariga qat’iy rioya etish shartligi eslatildi.
Qonunga ko‘ra, muallif yoki huquq egasi bunday holatda zarar o‘rnini qoplash o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 1000 barobarigacha miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida 2ta xonanda: Jaloliddin Ahmadaliyev va Botir Qodirov ham mualliflik huquqini buzganligi aniqlangan.





