
Oyatulloh Xomanaiy: «Eron xalqi hech qachon taslim bo‘lmaydi va bosimdan cho‘chimaydi»
18.06.2025 | 20:0044464
Eron Oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH prezidenti Donald Trampning Tehronni «so‘zsiz taslim bo‘lish» haqidagi bayonotiga javoban keskin bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Eron xalqi hech qachon taslim bo‘lmaydi va har qanday zo‘ravonlikka qarshi qat’iy turib beradi.
Oyatulloh Xomanaiy davlat televideniyesi orqali qilgan murojaatida mamlakatdagi so‘nggi voqealarga munosabat bildirdi. U yaqinda Isroil tomonidan amalga oshirilgan «axmoqona va xiyonatkor hujum»ga xalqning aqlli, jasur va o‘z vaqtidagi munosabatini alohida ta’kidladi.
Xalqning shunday javobi, rahbarning so‘zlariga ko‘ra, millatning aql-zakovati va ma’naviy quvvati rivojlanganidan dalolat beradi, deb yozmoqda  Tasnim agentligi Oyatulloh Xomanaiy, shuningdek, AQSH harbiy kuchlarining ehtimoliy aralashuviga ham to‘xtalib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, agar Vashington urushga aralashsa, bundan Eron emas, aynan Amerika qayta tiklab bo‘lmas zarar ko‘radi. U AQSH rahbariyatini hushyorlikka chaqirib, har qanday tahdidlar Eron xalqiga ta’sir qilmasligini bildirdi.
U o‘z nutqida shunday dedi: «Amerika prezidentining tahdidlarga to‘la bayonoti aqldan yiroq va qabul qilinmas fikrdir. Eron xalqiga «taslim bo‘ling» deya aytgan har qanday inson nafaqat tarixni, balki bu millatning haqiqiy tabiatini ham anglamagan bo‘ladi».
Shu bilan birga, Xomanaiy Erondagi diniy va ijtimoiy rahbarlar, aholining keng qatlamlari, jumladan, fuqarolik jamiyati va xizmat sohasida ishlayotganlarni «g‘ayrat bilan ishni davom ettirish»ga chaqirdi. U Islom ta’limotlariga tayangan holda, g‘alaba faqat Alloh tomonidan bo‘lishini ta’kidladi.
Uning fikricha, Isroil hukumati tomonidan qilingan harbiy xatolar javobsiz qolmaydi va bu davlat «jazolanmoqda va yanada qattiq jazolanadi». Shuningdek, AQSHning aralashuvi ham aynan Isroilning ojizligi belgisi sifatida talqin qilinmoqda.





