
Oyatulloh Xomanaiy Isroilga qattiq javob berish bilan tahdid qildi
13.06.2025 | 13:201653 daqiqa
13 iyun kuni Isroil tomonidan Eron hududidagi harbiy va yadroviy ob’ektlarga havodan zarbalar berilganidan so‘ng, Eronning Oliy rahbari Oyatulloh Xomanaiy buni mamlakatga qarshi jinoyat, deb baholab, Isroilga «juda qattiq jazo» va’dalarini berdi.

Xomanaiyga ko‘ra, «sionistik rejim bu hujumi orqali o‘zining razil mohiyatini yana bir bor namoyon qildi». Uning ta’kidlashicha, Isroil o‘z qilmishlari uchun «achinarli taqdirga tayyor turishi lozim». Bu haqda Eronning rasmiy OAVlari xabar tarqatdi.
Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) ma’lum qilishicha, 13 iyunga o‘tar kechasi 200 ta harbiy samolyot ishtirokida Eron hududidagi 100 dan ortiq yadroviy va harbiy ob’ektlarga zarbalar berilgan. Hujumni «profilaktik» deb atagan SAXAL bu bilan Tehron yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilayotganini bildirgan.
Eron rasmiylarining ma’lumoticha, ushbu zarbalar oqibatida Eron Qurolli Kuchlar bosh shtabi rahbari Muhammad Boqiriy, Islom inqilobi muhofizlari korpusi (KSIR) qo‘mondoni Huseyn Salami va taniqli yadroviy olimlar Fereydun Abbasi-Davoni hamda Muhammad Mehdi Tehronchiy halok bo‘lgan. Ayatolla Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoni og‘ir jarohat olgani qayd etilgan.
Xomanaiy o‘z nutqida halok bo‘lganlarni «shahidlar» deb atadi. Ularning o‘limi ortidan KSIR rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirildi: TASS agentligi manbalariga ko‘ra, Boqiriyning o‘rniga Habibulloh Sayyariy va Salami o‘rniga general Ahmad Vahidiy tayinlangan.
KSIR mutasaddilari Isroilga intiqom berish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi vakili Abulfazl Shakarchi Isroil «juda qattiq javob» olishi haqida ogohlantirdi. Shu bilan birga, Isroil bosh shtabi rahbari Eyal Zamir mamlakat aholisini ehtimoliy intiqom zarbalaridan xabardor qildi.





