add

Oyatullohlar rejimi poyoni: Eron siyosiy tizim o‘zgarishi ostonasida — OAV

26.10.2025 | 09:5711212

Foreign Affairs nashrining yozishiga ko‘ra, oyatulloh Ali Xominaiy hokimiyati yakunlanayotgan bir paytda Eron so‘nggi qirq yilda ilk bor siyosiy o‘zgarishlar ostonasida turibdi.

Oyatullohlar rejimi poyoni: Eron siyosiy tizim o‘zgarishi ostonasida — OAV

Foreign Affairs tahlilida ta’kidlanishicha, Eron hozirgi paytda so‘nggi qirq yildagi eng jiddiy siyosiy beqarorlik bosqichiga kirdi. Bu vaziyat ayniqsa oliy rahbar oyatulloh Ali Xominaiy hukmronligi tugab borayotgan bir vaqtda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

«Isroil bilan bo‘lib o‘tgan 12 kunlik qurolli to‘qnashuv mamlakat himoya tizimining cheklangan imkoniyatlarini namoyon qildi. Isroilning shahar va harbiy ob’ektlarga bergan zarbalari, shuningdek, AQSHning yadroviy inshootlarga havo hujumlari Tehronning harbiy va siyosiy nufuzini sezilarli darajada susaytirdi.

Iqtisodiyotda esa chuqur inqiroz kuzatilmoqda: milliy valyutaning qadri keskin tushgan, sanksiyalar, suv va elektr tanqisligi, iflos havo hamda internet senzurasi aholining hayotini og‘irlashtirgan. Shu bilan birga, rejimning «Amerikaga o‘lim» va «Isroilga o‘lim» kabi shiorlari taraqqiyotdan ko‘ra to‘qnashuvga asoslangan siyosatni aks ettirmoqda. Jamiyatdagi o‘zgarishlar ham sezilarli: hijob taqish majburiyati zaiflashmoqda, ayollar bu qoidalarni ochiqchasiga inkor etishmoqda», deb yozadi nashr.

Nashrga ko‘ra, Xominaiydan keyingi siyosiy yo‘l bir nechta ssenariy bo‘yicha rivojlanishi mumkin. Rejim ideologik dogmani saqlab qolib, ichki va tashqi bosim ostida SSSR kabi yemirilishi mumkin. Yoki hokimiyat Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) qo‘liga o‘tib, Pokictondagi kabi harbiylar ustuvor kuchga aylanishi ehtimoli bor. Shuningdek, Xitoy modeliga o‘xshash iqtisodiy ochilish va tashqi integratsiya varianti yoki hatto Shimoliy Koreya singari izolyatsiya yo‘li ham ehtimoldan xoli emas.

Tarixiy jihatdan Erondagi siyosiy o‘zgarishlar hech qachon oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakat taqdiri tashqi bosim emas, balki ulamolar, harbiylar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi ichki muvozanat bilan belgilanadi. Aksariyat eronliklar uchun eng asosiy maqsad — iqtisodiy barqarorlik va erkinlikni ta’minlay oladigan «oddiy, boshqariladigan hayot»dir.

Teglar

Mavzuga oid

Oyatullohlar rejimi poyoni: Eron siyosiy tizim o‘zgarishi ostonasida — OAV | Vaqt.uz