add

O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir: 2025 yil «qovun»lari

Bugun 12:257 daqiqa

Yillar o‘tadi, bo‘lib o‘tgan voqealar esa xalq xotirasida turli nomlar bilan muhrlanadi. 2025 yilda ayrim amaldorlarning chiqishlari keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Turli voqealarga boy bo‘lgan 2025 yil ortda qolmoqda. O‘tgan yil dehqonchilik barakali kelib, qovun-tarvuz ham mo‘l bo‘ldi. Shu bilan birga, mulozimlar ham katta-katta va «bemaza» qovunlar tushirishda davom etishdi. Bu qovunlarning «hidi» ijtimoiy tarmoqlarda ham baralla tarqala boshladi. Biz esa yil davomida tushirilgan va yorilgan «qovun»larni bir joyga jamlab chiqdik.

 

«Kosasi oqarmaydigan xalq»

Aholining kundalik hayoti va real yashash sharoitlarni inobatga olmasdan ehtiyotsizlik bilan qilingan chiqishlardan biri «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirovning gazdan foydalanish masalasidagi bayonoti bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari «gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuborgan xalqning kosasi oqarmaydi», — deb yubordi.

Alisher Qodirov o‘zining Telegram’dagi sahifasida tabiiy gaz qimmatli resurs ekani, 1 kub gazdan 10 ga yaqin yuqori qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijga sotish va uning puliga millionlab odamlarni ish bilan ta’minlash mumkinligini yozgan edi. Uning ta’kidlashicha, elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirib, gaz o‘rniga elektr energiyasidan foydalanishni o‘rganish kerak.

Garchi uning gaplari zamirida haqiqat bo‘lsa ham, gapning qurilmasi internet foydalanuvchilarini junbishga keltirdi. U navbatdagi nafrat to‘lqini ostida qolib ketdi. Alisher Qodirovga «yilning eng achchiq qovuni» nasib etdi.

 

Ishdagi ishq: selektorda «qo‘lga tushgan» amaldor

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchisining o‘z xizmat xonasida ayol kishini quchoqlab o‘tirgani aks etgan surat tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu holatni hech ikkilanmay «yilning eng bemaza qovuni», deb aytishimiz mumkin.

Kattaqo‘rg‘on shahrida sodir bo‘lgan ushbu holat selektor yig‘ilishi vaqtida Zoom kamerasiga tushib qolgan.

Selektor davomida «qo‘lga tushgan» amaldor Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan. U mazkur lavozimga tayinlanishidan avval hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan. Ayolning shaxsi va lavozimi esa ochiqlanmagan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, odob-axloq qoidalarini buzgan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganini ma’lum qildi. Vazirlik o‘z tizimida xizmat intizomi va odob-axloq me’yorlariga nisbatan murosasizlik tamoyiliga amal qilinishini ta’kidladi.

 

Ishxonada nasha chekkan amaldor

Yuqoridagi tilga olingan holat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidagi ilk axloqiy mojaro emas.

Andijon shahri bandlik bo‘limi rahbariyati ham xizmat xonasida gashish giyohvand moddasini iste’mol qilib, tillarga tushdi, kulgi va muhokama markazida qoldi.

9-aprel kuni Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarining xizmat xonasida giyohvand modda iste’mol qilayotgani aks etgan suratlar tarqalib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng bo‘lim boshlig‘i va uning o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 0,69 gramm gashish musodara qilingan va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu voqeani hech ikkilanmasdan yilning «hidi mast qiluvchi qovun»i deb atashimiz mumkin.

 

Tandirlarga qarshi «urush»

Yuqorining topshirig‘ini bajaraman, deya «salla» deyilsa, «kallasi»ni olib keladigan hokim va mulozimlar ko‘pligiga ham ko‘nikib qoldik. Har qanday ezgu tashabbusni obro‘sizlantirib, loyga qorishtiruvchi hokimlardan bir yana Andijon viloyatida «labbay» deb o‘rtaga chiqdi.

Viloyatda go‘yoki «ekologik vaziyatni yaxshilash» vaji bilan somsaxonalarning tandirlarini buzdirgan Shahrixon tumani hokimi Hikmatulla Dadaxonovga intizomiy jazo sifatida «hayfsan» berildi.

Shahrixon tumani hokimi ekologik reyd chog‘ida ayrim somsaxonalar tandirlarini buzishga buyurgani va xodimlarni safbar qilishgani ma’lum bo‘ldi.

Yoppasiga buzdirilayotgan tandirlar haqidagi vahimali tasvirlar dastlab Telegram’da xabar qilingan, biroq post keyinchalik o‘chirilgan.

Shubhasiz, bu voqea «Yilning eng xunuk yorilgan qovuni» bo‘ldi.

 

«Buzg‘unchi» hokim

«Bugunning o‘zida buzib tashlaysan — ichidagi odami bilan». Buxoro viloyati hokimi binoni sud qarorisiz buzishni buyurdi.

Yirik kalibrli mansabdorlardan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ijtimoiy tarmoqda heyt ostida qolib ketdi.

U bolalar bog‘chasi hududiga tutash tarzda noqonuniy qurilgan binoni sud qaroriciz buzish bo‘yicha keskin buyuruq berayotgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda hokim «sud-pud» demasdan binoni buzish, hujjati yo‘qlarga chora ko‘rish va ichidagi narsalari bilan «ko‘mib tashlash»ni buyuradi. Shuningdek, viloyat IIB boshlig‘ini tartib o‘rnatmasa, tumanlardan biriga «surgun» qilish bilan tahdid qilgani ham eshitilgan.

Keyichalik tushuntirishlarda hokimboboning buzish buyrug‘i bog‘cha hududiga emas, tashqarida joylashgan omborga tegishli ekanini ma’lum qilgan, ammo hokim videoda aytgan jumlalar bilan bog‘liq savollarga javob berilmagan.

Bu voqeaga «yilning eng katta qovuni» nominatsiyasini ilindik.

 

Tandirda non yopmay qo‘yganlik tanqid qilindi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham muhokama markazida qoldi. U ayollarni tandirda non yopmay qo‘yganini tanqid ostiga oldi. Bu ishni qilmay qo‘ygani natijasida ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklar ko‘paygani haqida psevdoilmiy fakt bilan o‘z gaplarini quvvatladi.

«Tandirda non yopgan ayolda rak kasalligi bo‘lmaydi». Uning ta’kidlashicha, tandir oldida organizm qiziydi, qon tez aylanadi va tomirlar tozalanadi.

Hokimning og‘zidan uchgan bu so‘zlar ham ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi, vaziyatga vrachlar aralashib, hokim mutlaqo nohaq ekanini aytib, internetdagi «qizib yotgan virtual tandirlardagi olovlarga suv sepishdi». Zoir Toirovichga hech ikkilanmay «yilning eng issiq qovuni» nasib etmoqda.

 

«Tappi yopmay qo‘ygan ayollar...»

Ha, ozodlikka chiqqan Sharq ayollarning bugungi turish-turmushi rahbarlarimizga u qadar xush kelmayapti. Ular ayollarimizni o‘zlarining yoshligidagi momolariga o‘xshashini istashadi, shekilli.

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov mahalliy kengash sessiyasidagi nutqida gaz taqchilligi sharoitida ayollarni nuqul gaz so‘ravermasdan, chalma chopish, tezakdan tappi tayyorlashga chorladi. Uning bu so‘zlari muhrlangan video ham ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, ko‘pchilikning istehzosi va kulgusiga qoldi.

Sessiyada tumandagi gaz ta’minoti, elektr energiyasi va mavsumiy tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan. Hokim gazning chet eldan arzon narxda yetkazib berilyotganini va asosiy muammo elektr energiyasida ekanini tushuntirgan.

Shu bilan birga, u ishsizlik masalasiga ham to‘xtalib, sentabr-oktabr oylarida birorta ishsiz inson qolmasligini, paxta va boshqa ishlar orqali minglab odamlar ish bilan ta’minlanishini va’da qilgan. Ammo va’dalar amalga oshdimi yoki yo‘q, buyog‘i bizga qorong‘u. Qumqo‘rg‘on hokimiga «chalmada ungan qovun» nasib etdi.

 

«Ekologiya inspektoriga qo‘l ko‘targan zamhokim»

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida aholi murojaati asosida noqonuniy daraxt kesilishini to‘xtatmoqchi bo‘lgan Ekologiya qo‘mitasi inspektori Axrorjon Niyozov holatni rasmiylashtirmoqchi bo‘lganida, tuman hokimi o‘rinbosari Sayidjon Xizirov uning faoliyatiga zo‘ravonlik bilan qarshilik qilgan.

Guvohlarga ko‘ra, inspektor avval kaltaklangan, so‘ng Milliy gvardiya va IIB xodimlari tomonidan kuch bilan hududdan olib chiqilib, tuman IIBga olib ketilgan.

Ushbu ma’lumotdan so‘ng, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Buvayda tumani Ekologiya qo‘mitasi inspektori IIBga olib kelingani haqidagi axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, munosabat berdi.

Farg‘ona viloyati Ekologiya boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirib, Buvayda tumanidagi Nayman qishlog‘ida noqonuniy daraxt kesish holati tasdiqlanganini ma’lum qildi. Reyd davomida 26 tup daraxtning noqonuniy kesilgani aniqlanib, 10,3 mln so‘m jarima va 45,8 mln so‘m zarar hisoblangan.

Ekologga qo‘l ko‘targan «zamhokim» esa ishdan olindi. Unga «bo‘rikalla qovun» nominatsiyamizni topshirdik.

 

«So‘kong‘ich hokim»

Ijtimoiy tarmoqlarda yana bir zamhokim xodimlarni bo‘ralatib so‘kayotgani aks etgan audio tarqaldi.

Iddaolarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati uzun tumani hokim o‘rinbosari Shodmon Allaberdiyevning so‘kinishu haqoratlarga to‘lgan audiosi 25-noyabr kuni olingan. Hokim o‘rinbosari, fermerlarning dalasidagi suvga qaramagani sababli suv xo‘jaligi xodimlarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Tuman hokimligining vaziyat yuzasidan rasmiy munosabatiga ko‘ra, Uzun tumanidagi g‘alla maydonlari asosan ko‘tarma nasoslar orqali sug‘oriladi, ayrim fermerlar va suv xo‘jaligi xodimlari tartibga rioya qilmaganligi aniqlanib, qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilgan. Rasmiy munosabatda, rahbarlar uchun xizmat intizomi va odob-axloq qoidalari qat’iy inobatga olingani va hodisa tafsilotlari o‘rganilayotgani aytilgan.

«Sapcha qovun» nominatsiyasi Uzunga ketdi.

 

«Ayolmisan-yo‘qmi, noinsof?»

«Yil qovunlari» nominatsiyamizni yana bir surxondaryolik «zamhokim» yakunlab beradi. Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Toshmatovaga tegishli videomurojaat tarqatildi. Unda u mahalla xotin-qizlar faollarini paxta terimiga majburlash holati aks etgan. Xolat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi munosabat bildirdi.

Dilfuza Toshmatova har bir faol 5 nafardan odam olib chiqishi zarurligini, 150 nafar odam dalani «yamlamay yutishi kerakligini» aytgan. Shuningdek, u bu ishga qarshi chiqqanlar «donishmandlik qilmasdan» ketaverishi mumkinligini, olib o‘tilmasligini bildirgan.

Shuningdek, Dilfuza Toshmatova paxta dalasida turib, faollarni vijdonsiz deb atagan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Sariosiyo tumanida majburiy mehnat holatini aniqladi. Hokim o‘rinbosari paxta terimiga odam jalb qilgani uchun 20,6 mln so‘m jarimaga tortildi. Dilfuza Toshmatovani «Qovun guli» nominatsiyamizga loyiq ko‘rdik.

Xullas, o‘tib borayotgan yilda ham ayrim amaldorlar zo‘ravonlik, noqonuniy xatti-harakatlari va nojo‘ya gaplari bilan tillarda doston bo‘ldi. Xalq esa hammasini kuzatib, o‘zining xolis bahosini berib turdi.

Endi umidimiz shuki, kelayotgan yangi, 2026 yilda bunday «qovunlar» kamroq bo‘lib, ish amalda, gap esa joyida bo‘lsin.

Barchani yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan tabriklaymiz. 2026 yil hammamizga halol ish, to‘g‘ri so‘zga yo‘g‘rilgan yaxshi kunlarni baxshida qilsin! Qovunlar esa tushmasin, ular faqat dasturxonimiz bezagi bo‘lsin.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 12

Barchasi

Mavzuga oid