
O‘z joniga qasd qilishni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi kerak — Bosh prokuror
14.09.2025 | 17:006103
O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev bolalar va ayollarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarini keskin tanqid qilib, o‘z joniga qasd qilishni targ‘ib etuvchi ma’lumotlar tarqatilishi uchun javobgarlik joriy etish zarurligini bildirdi.

13 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiyada u so‘nggi 3,5 yilda voyaga yetmaganlarga nisbatan 14 mingdan ortiq jinoyat sodir etilganini ma’lum qildi. Faqat sog‘liqqa qarshi jinoyatlardan 1600 nafardan ziyod bola jabr ko‘rgani qayd etildi. Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, bu turdagi jinoyatlarning har biri favqulodda holat sifatida baholanishi kerak.
Bosh prokuror ta’lim va tarbiya muassasalarida bolalarga nisbatan jinoyatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday jinoyat sodir etgan xodimlarning mazkur sohada ishlash huquqini cheklash maqsadga muvofiq. Shuningdek, vasiylik va homiylik huquqlarini suiiste’mol qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilishi taklif qilindi.
Yo‘ldoshev, shuningdek, qo‘shmachilik va fohishaxona saqlash kabi jinoyatlar uchun, ayniqsa ta’lim muassasalari binolarida sodir etilganda, javobgarlikni kuchaytirish zarurligini bildirdi.
Uning eng muhim takliflaridan biri — o‘z joniga qasd qilish holatlari va usullari haqidagi ma’lumotlarni tarqatish hamda bunday holatlarni targ‘ib etuvchi mahsulotlarni sotish yoki tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etishdir. Bosh prokuratura bu masala bo‘yicha xorijiy tajribalarni o‘rganib, qonun loyihasi ishlab chiqqan.
Shuningdek, u ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda yagona amaliyot joriy etilishini talab qildi.





