«O‘z xalqidan qo‘radigan davlat» — Durov Rossiyada o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida

25.02.2026 | 09:172 daqiqa

«Telegram» asoschisi Pavel Durov Rossiyada unga nisbatan jinoyat ishi ochilishini so‘z erkinligini cheklash urinishi, deb baholadi.

«O‘z xalqidan qo‘radigan davlat» — Durov Rossiyada o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi haqida

«Telegram» messenjeri asoschisi Pavel Durov Rossiyada unga nisbatan «terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish» aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini mamlakatda so‘z erkinligini cheklashga qaratilgan harakat sifatida baholadi. Bu haqda u o‘z telegram-kanalida bayonot berdi.

«Rossiya menga nisbatan «terrorizmga yordam berish» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Har kuni hukumat rossiyaliklarning «Telegram»ga kirishini cheklash uchun yangi bahonalar o‘ylab topmoqda. Bu — shaxsiy hayot daxlsizligi va so‘z erkinligini bo‘g‘ishga qaratilgan urinish. Achinarli manzara — o‘z xalqidan qo‘rqadigan davlat», — deb yozdi Durov.

 

Ayblov va da’volar

24-fevral kuni «Rossiyskaya gazeta» va «Komsomolskaya pravda» FXX materiallariga tayanib, Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari Durov harakatlarini Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi bo‘yicha tekshirayotganini xabar qildi. Nashrlarda ta’kidlanishicha, urush sharoitida messenjer «NATO mamlakatlari va Kiyev rejimi maxsus xizmatlari uchun asosiy vositaga aylangan».

«Komsomolskaya pravda» ma’lumotiga ko‘ra, «Telegram» «Roskomnadzor»ning ekstremizmga da’vat va ishonchsiz axborot tarqatayotgan 154 mingdan ortiq kanal va botlarni o‘chirish talabi ijrosini bajarmagan.

 

Cheklovlar va bahslar

RF Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov avvalroq Durov bilan muzokaralar «yaxshi natija bermagani» va endi bunday muzokara olib borilmayotganini aytgan. U biznesmenni «manfaatparastlik»da ayblab, messenjer orqali jinoyatlar soni ortib borayotganini bildirgan.

10-fevraldan Rossiyada «Telegram» faoliyati qisman cheklandi. Davlat dumasi deputati Andrey Svinsov yarim yil ichida messenjer to‘liq bloklanishi mumkinligini istisno qilmadi. «Rossiyskaya gazeta» ma’lumotiga ko‘ra, hozircha xizmat tezligi 55 foizga sekinlashtirilgan.

Shu bilan birga, hukumat davlat messenjeri «MAX»ni faol targ‘ib qilmoqda. Ayrim ekspertlar, jumladan «Internetni himoya qilish jamiyati» direktori Mixail Klimaryov uni kuzatuv dasturi sifatida baholagan. Durov esa cheklovlar boshlanganidan so‘ng Rossiyani Eron bilan qiyoslab, bu harakatlar fuqarolarni davlat nazoratidagi ilovaga o‘tkazishga urinish ekanini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid