
Ozarboyjon O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishdi
22.08.2025 | 20:008853
Aliyev o‘z nutqida yaqin bir-ikki yil ichida O‘zbekistondan yirik neft koni ochilishi haqida quvonchli xabar olinishiga umid bildirdi.

Ozarboyjon davlat neft kompaniyasi SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishga kirishdi va tegishli shartnoma imzolandi. Bu haqda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkmaniston, Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuvda ma’lum qildi.
«Kelgusi bir-ikki yil ichida ular bizga quvonchli xabar yetkazishlariga umid qilaman. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi yangiliklarni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz», - deb ta’kidladi.
Shuningdek, Aliyev uch davlatning geostrategik ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon, Turkmaniston va O‘zbekiston Sharqni G‘arb, Shimolni esa Janub bilan bog‘laydigan muhim o‘rinda joylashgan.
«Ozarboyjon, Turkmaniston va O‘zbekiston Sharqni G‘arb bilan, Shimolni Janub bilan bog‘lovchi muhim geostrategik mavqega ega. Mamlakatlarimiz oldida transport-tranzit hamkorligi sohasida yangi vazifalar va imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda... Bugun hurmatli birodarim Gurbanguli Myalikguliyevich bilan O‘rta koridor, portlar va temir yo‘llarni kengaytirish masalalarini batafsil muhokama qildik. Xuddi shu masalalarni Shavkat Miromonovich bilan ham so‘nggi uchrashuvimizda ko‘rib chiqqan edik. Uch davlatning transport, tranzit va logistika sohalaridagi hamkorlikdagi sa’y-harakatlari nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqa uchun ham katta ahamiyat kasb etadi», - deb ta’kidladi.





