add

Ozarboyjon Ukrainani MiG-29 harbiy samolyotlari bilan ta’minlagan — OAV

05.09.2025 | 21:002055

The War Zone nashriga ko‘ra, Ukrainaga yangi kelgan MiG-29 uchoqlari Ozarboyjon kamuflyajiga ega. Bu haqda rasman ma’lumot berilmagan.

Ozarboyjon Ukrainani MiG-29 harbiy samolyotlari bilan ta’minlagan — OAV
The War Zone nashri Ukraina Mudofaa kuchlari tarkibida yangi paydo bo‘lgan MiG-29 samolyotlari Ozarboyjonga tegishli bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Nashr harbiy blogerlar tarqatgan suratlarga asoslanib, bu uchoqlar Ozarboyjon armiyasiga xos kamuflyaj — moviy, kulrang va binafsharang sur tusga ega ekanini qayd etadi. Suratdagi uchoq o‘rta va yaqin masofaga mo‘ljallangan R-27 hamda R-73 turdagi «havo-havo» raketalari bilan qurollangan holda, go‘yo jang operatsiyasida qatnashyotgandek tasvirlangan. Ozarboyjon rasmiylari hozirgacha Ukrainaga faqat humanitar yordam yuborilganini aytgan, qurol yetkazib berilgani esa e’lon qilinmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin Ozarboyjonning ba’zi MiG-29 uchoqlari Ukrainada, xususan, Lvivdagi davlat avia ta’mirlash zavodida ta’mirlanayotgan edi. 2022 yil mart oyida Rossiya ushbu zavodga hujum qilgan, asosiy angar yo‘q qilingandi. Bu zavod Ukrainada MiG-29 larni kapital ta’mirlay oladigan yagona baza edi. Aynan shu uchoqlar keyinchalik Ukraina VVS tarkibiga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda ilk marotaba 2022 yil yozida Caucasuswar blogeri tomonidan taqdim etilgan suratlarda xabar berilgandi. Ozarboyjon va Rossiya munosabatlari so‘nggi vaqtlarda ancha taranglashgan. 2025 yil yoz oylarida Rossiyada yuzlab ozarboyjonliklar qo‘lga olingan, ulardan ayrimlari qamoqda halok bo‘lgan. Shuningdek, 2024 yilda Boku–Grozniy reysida parvoz qilgan AZAL aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti Rossiya tomonidan urib tushirilgani ham munosabatlarga ta’sir qilgan. O‘shanda 67 yo‘lovchidan 39 nafari halok bo‘lgan. Bu vaziyat fonida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Al Arabiya telekanaliga bergan intervyusida SSSR davrini «okkupatsiya» deb atagan va Rossiyani hali ham tajovuzkorlikda ayblagan. Aliyev «Ozarboyjon xalqiga qarshi misli ko‘rilmagan tajovuz» haqida so‘z yuritgan. Ukraina urush boshida 50 ga yaqin MiG-29 samolyotiga ega edi. OSINT tahlil guruhi Oryx ma’lumotiga ko‘ra, ulardan 31 tasi yo‘q qilingan. Ukraina so‘nggi vaqtlarda Polsha (14 ta) va Slovakiya (13 ta)dan MiG-29 qabul qilgan. Garchi F-16 va Mirage 2000 kabi yangi uchoqlar ham olingan bo‘lsa-da, MiG-29 Ukrainaning asosiy jangovar uchog‘i bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Ozarboyjon Ukrainani MiG-29 harbiy samolyotlari bilan ta’minlagan — OAV | Vaqt.uz