
Ozarboyjonda ham bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar cheklanishi mumkin
Parlamentda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonun bilan tartibga solish masalasini muhokama qilish taklif etildi.

Ozarboyjon Milliy Majlisida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Deputat Xijran Huseynova ushbu yo‘nalishda alohida parlament eshituvlarini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi va masalani tizimli muhokama qilish zarurligini ta’kidladi.
«Bola huquqlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi
Tashabbus Milliy Majlisning oila, ayollar va bolalar masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘tarildi. Yig‘ilish davomida «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilinib, unda bolalarning raqamli muhitda himoyasi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Deputatning fikricha, amalda bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga erkin kirishi huquqiy jihatdan aniq tartibga solinmagan.
Huseynova bir qator davlatlarda bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha yosh cheklovlari, shuningdek, ruxsat etilgan media-kontentga oid aniq qoidalar mavjudligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday mexanizmlar bolalarning ruhiy va axborot xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan deputat tegishli davlat idoralari, ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida maxsus parlament eshituvlarini o‘tkazishni taklif qildi. Bu jarayonda xalqaro tajriba o‘rganilib, milliy qonunchilikka mos yechimlar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus ilgari surilgan mamlakatlar
So‘nggi yillarda ushbu masala global darajada ham dolzarblashdi. Dastlab Fransiya hukumati bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirgan.
Avstraliyada esa16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan va avstraliyalik bolalar hayotida kutilmagan o‘zgarishlar kuzatilgan.
Shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati ham bolalarni internetda yaxshiroq himoya qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda.
Qozog‘iston Respublikasi hukumati voyaga yetmaganlarning internetdan foydalanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash bo‘yicha yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari — madaniyat va axborot vaziri Aida Balayevaning ma’lum qilishicha, yangi tartibga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning onlayn platformalarda ro‘yxatdan o‘tishi taqiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.





