add

Ozarboyjonda ko‘p qavatli uylar gaz ta’minotidan uzilishi mumkin

Kecha 17:182102 Daqiqa

2035 yilgacha Ozarboyjon ko‘p qavatli uylardagi gaz uskunalarini bosqichma-bosqich chiqarib, o‘rniga qayta tiklanuvchi energiyada ishlaydigan tizimlarni o‘rnatishni rejalashtirmoqda.

Ozarboyjonda ko‘p qavatli uylar gaz ta’minotidan uzilishi mumkin

Bu haqda BMTning iqlim o‘zgarishiga oid ramkaviy konvensiyasi doirasida tayyorlangan «Milliy hissa» (NDC 3.0) hisobotida qayd etilgan. Hujjatga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda isitish uchun «havo–suv» turidagi issiqlik nasoslari va ovqat tayyorlash uchun elektr plitalar qo‘llaniladi.

Iqtisodchi Ilhom Shabanning ta’kidlashicha, bunday islohot uchun elektr tarmoqlari katta yuklamalarga tayyormi, degan savol tug‘iladi. Uning aytishicha, hozircha Boku transformator va tarmoqlarining maksimal xavfsiz yuklamasi haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q, deb yozmoqda Haqqin.az.

«So‘nggi yillarda poytaxtda elektr yuklamasi ortib ketgani tufayli uy va xonadonlarda ko‘plab yong‘inlar sodir bo‘lmoqda. Agar hukumat to‘liq elektr isitish tizimiga o‘tishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, mahalliy tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun milliardlab sarmoya kerak bo‘ladi», — dedi iqtisodchi.

U misol sifatida shunday dedi: 120 m.kv maydonli kvartirada qishda gazga 40–45 manat (280–315 ming so‘m) sarflansa, shunday maydonni elektr bilan isitish 250–300 manat (1,75–2,1 mln so‘m) ga tushadi.

Shabanning fikricha, elektr isitish tizimi ko‘p qavatli va yakka tartibda yangi qurilayotgan uylarda majburiy tarzda o‘rnatilishi kerak. Bino to‘liq issiqlik izolyatsiyasi bilan jihozlansa, issiqlik yo‘qotishlari kamayadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku atrofidagi xususiy uylarda yashovchi aholi qish faslida har oy 200–250 manatlik gaz sarflaydi. Ammo 2000–2500 manat (17,5–21 mln so‘m)lik issiqlik izolyatsiyasi sarflari bu xarajatlarni ikki barobarga qisqartirishi mumkin.

«Ideal issiqlik izolyatsiyasi taxminan 5000 manat (35 mln so‘m) ga tushadi, ammo gaz xarajatlari uch barobar kamayadi. Shu orqali bo‘shagan gaz eksportga yo‘naltirilishi mumkin. Har 1 mlrd kub metr gaz mamlakatga kamida 300 mln dollar foyda keltiradi», — dedi u.

Shaban ta’kidlashicha, aholi har yili taxminan 4 mlrd kub metr gaz iste’mol qiladi, «Azerenergy» esa issiqlik elektr stansiyalarida yana 4,5 mlrd kub metr gaz yoqadi.

Uningcha, gaz va elektr energiyasidan oqilona foydalanishga ijodiy yondashuv katta iqtisodiy samara beradi. Agar «oltin o‘rtaliq» topilsa, Ozarboyjon gaz eksportidan tushadigan qo‘shimcha daromad hisobiga uy-joylarni izolyatsiya qilish va boshqa infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham yangi qurilayotgan ko‘pqavatli uylar tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmasdan, markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash tartibi joriy etilgan.

Teglar

Mavzuga oid