add

O‘zbek ishchilari Saudiyada mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin

16.09.2025 | 13:0013223

Jidda va Makkada qurilish hamda Haj mavsumida qassoblik ishlariga o‘zbekistonliklar jalb qilinishi bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

O‘zbek ishchilari Saudiyada mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin
«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi Jidda va Makka shaharlari boshqarmasi rahbari Abdulloh bin Abdurrahmon Ismoil bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik, fuqarolarni qonuniy asosda ishga joylashtirish va mahalliy kompaniyalar bilan aloqalar masalasi muhokama qilindi. Saudiya rasmiysiga ko‘ra, hozirgi paytda Jidda va Makkada vaqtincha ishlayotgan o‘zbek fuqarolari soni juda kam. Shu bois, ularni mavsumiy ishlarga, xususan qurilish-muxandislik va Haj mavsumida qassoblik yo‘nalishlariga jalb etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Tomonlar bu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni chuqurroq o‘rganish va aniq takliflar tayyorlashga kelishib oldi. Shuningdek, Saudiya Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi, ish beruvchi kompaniyalar, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ishtirokida onlayn muloqot ham tashkil etildi. Uchrashuvda O‘zbekistondan mavsumiy ishchilarni jalb etish imkoniyatlari keng qamrovda muhokama qilindi. Bu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid