
O‘zbek olimlari Parkinsonni davolovchi yangi dori tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi
06.08.2025 | 19:2029332
«Akademik S.Y.Yunusov» nomidagi institut olimlari Parkinson kasalligini davolashda samarali bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy tarkibli vositani ishlab chiqdi. Bu ixtiro davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

6 avgust kuni e’lon qilingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, «Akademik S.Y.Yunusov» nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan yaratilgan «Parkinson kasalligini davolash uchun vosita» nomli yangi preparat davlat ro‘yxatiga olindi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu vosita tarkibida tikanakli kavar (Capparis spinosa L.) o‘simligining kurtaklari va pishmagan mevalaridan olingan ekstrakt mavjud. Undan tayyorlangan vosita asosan tabiiy biologik moddalar — polisaxaridlar (30–35%), flavonoidlar (5–10%) va suvda eruvchan oqsillar (20–25%)dan iborat.
Ta’kidlanishicha, vosita Parkinson kasalligining oldini olish va davolashda qo‘llaniladi hamda kam nojo‘ya ta’sirga ega.
«Parkinson kasalligi markaziy asab tizimining surunkali xastaligi bo‘lib, titroq, qotib qolish, harakat cheklanishi kabi belgilar bilan kechadi. Har qanday yangi, sanoatda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan texnik yechim ixtiro sifatida huquqiy muhofazaga ega bo‘ladi», deyiladi Adliya vazirligi xabarida.





