
O‘zbekiston 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr yetkazib beradi
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 2026 yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish davom ettiriladi. Bu bo‘yicha 17-noyabr kuni Toshkentda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Afg‘onistonning «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tegishli shartnoma imzolandi.
Muloqotda ikki davlat energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbuslari qo‘shni Afg‘oniston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Afg‘oniston hududida qurilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning joriy holati muhokama qilindi. Tomonlar qurilish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Afg‘onistonning asosiy elektr yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda. Afg‘onistonda ichki ishlab chiqarish hajmi 250 MVt atrofida bo‘lib, mamlakat Turkmaniston, Eron, O‘zbekiston va Tojikistondan yiliga 800 MVt gacha elektr energiyasini import qiladi. Buning uchun yiliga 250–280 million dollar sarflanadi. O‘zbekiston 2002 yildan beri Afg‘onistonga muntazam ravishda elektr energiyasi yetkazib bermoqda.





