O‘zbekiston 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarishni 175 tonnaga yetkazadi
Qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshdi.

O‘zbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 16-mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlar uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
«Hozir respublika faollariga murojaat qilmoqchiman. Yoshlarga yetkazinglar: o‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin!» – dedi Prezident.
Kadrlar tayyorlash bo‘yicha xorijiy hamkorlik
Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidlandi. Xususan, Olmaliqda «Moskva po‘lat va qorishmalar instituti» universiteti filiali (MISiS), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi.
Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Ushbu oliygohlarda yiliga 2,5 mingga yaqin tor soha mutaxassislari tayyorlanmoqda.
Natijada ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan bo‘lsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis mamlakat ichida qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra o‘sib, 13 trillion so‘mdan oshdi.
Bugun ishga tushirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi mamlakatning tog‘-kon va metallurgiya sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi. Davlat rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.
Marosimda kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar so‘zga chiqdi. Prezident fabrika faoliyatiga start berdi.





