
O‘zbekiston Afg‘oniston energetikasiga 250 mln dollar investitsiya kiritadi
08.09.2025 | 15:307824
O‘zbekiston 2027 yilga qadar Afg‘onistonda 500 kVli Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish yo‘lini va yirik podstansiyalar qurilishini moliyalashtiradi.

6 sentyabr kuni Afg‘onistonda energetika sohasiga investitsiya jalb etish va tarmoqni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov hamda «O‘zenergosotish» davlat kompaniyasi birinchi rahbar o‘rinbosari Shohrux Karaboyev ishtirok etdi. Yig‘ilish chog‘ida tomonlar 220–500 kV kuchlanishdagi elektr uzatish yo‘llari va podstansiyalar qurilishi bo‘yicha moliyaviy kelishuv imzoladi.
Afg‘oniston vitse-premeri apparati ma’lumotiga ko‘ra, loyihalarning umumiy qiymati 250 mln dollarni tashkil etadi. Ular orasida 500 kVli Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish yo‘lini qurish, Dashti-Alvan va Argandi podstansiyalarini kengaytirish hamda 220 kVli Shayx Mesri podstansiyasini modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar bor.
Loyihalar 2027 yilning birinchi choragiga qadar amalga oshirilishi belgilangan. O‘zbekiston Energetika vazirligiga ko‘ra, mamlakat Afg‘onistonda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, intellektual hisob tizimlarini joriy etish va barqaror energiya yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor.
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikka prezident Shavkat Mirziyoyevning iyul oyidagi muzokaralari turtki bo‘ldi. Unda ikki tomonlama tovar aylanmasini 2 mlrd dollarga yetkazish va transafg‘oniston temir yo‘lini barpo etish masalalari muhokama qilingan edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘onistonda sement ishlab chiqarish, to‘qimachilik fabrikalari va neft qayta ishlash korxonalariga ham investitsiya yo‘naltirish niyatida. Shuningdek, yangi elektr uzatish yo‘llari ishga tushgandan so‘ng, respublika Afg‘onistonga qo‘shimcha energiya yetkazib berish miqdorini oshiradi.





