
«O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘li», «Zaiflik global indeksi», «Innovatsion xab»: Mirziyoyev BMT anjumanida muhim tashabbuslarni ilgari surdi
05.08.2025 | 21:4029904
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Prezident xalqaro logistika, infratuzilma va zaif davlatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir nechta konseptual takliflarni bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari BMT shafeligida Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etgan. Ushbu hujjat dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlatlarning portlar va logistika infratuzilmasidan adolatli foydalanishini ta’minlab, global logistikadagi nomutanosiblikni kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Mirziyoyev shuningdek, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligini ta’kidlagan. Uning fikricha, bu yo‘lak Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li bilan integratsiya qilinsa, butun Markaziy va Janubiy Osiyo uchun yangi savdo-iqtisodiy makon yaratiladi.
Prezident tomonidan yana bir taklif — yirik infratuzilma loyihalarini moliyalash uchun xalqaro donorlar va institutlarni jalb qilgan holda «Logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasi»ni tashkil etish bo‘ldi. Mirziyoyevning baholashicha, mintaqadagi infratuzilma ehtiyojlari yiliga 40 milliard dollarga teng.
Davlat rahbari shuningdek, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar uchun «Zaiflik global indeksi»ni ishlab chiqishni taklif qildi. Bu indeks ularga xalqaro moliyaviy yordamni adolatli taqsimlashga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev agrotarmoqqa oid innovatsiyalarni jamlovchi Innovatsion xabni O‘zbekistonda tashkil etishni ham ilgari surdi. Bu platforma orqali oziq-ovqat xavfsizligi, suv tejovchi texnologiyalar va ilg‘or agrar tajribalar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va transchegaraviy investitsiyalarga bag‘ishlangan xalqaro forumlar tashkil etish, «aql markazlari» orqali tahdidlarga qarshi hamkorlikni kuchaytirish taklif qilingan.
O‘zbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatini bildirgan.





