Logo

O‘zbekiston birinchi AES qurilishida Belarus tajribasini o‘rganadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni Belarus delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishida hamkorlik va savdo aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston birinchi AES qurilishida Belarus tajribasini o‘rganadi © prezident.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Viktor Karankevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Viktor Karankevich davlat rahbariga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Prezidentning joriy yil 8–9-iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, ayniqsa savdo-iqtisodiy sohada muhim natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo va energetika

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar rejasini o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi va unga bog‘liq infratuzilmani barpo etishda Belarusning amaliy tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, energetika, sanoat va yuqori texnologiyali sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Kadrlar tayyorlanadi

Muzokaralar davomida bo‘lajak atom elektr stansiyasini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, soha uchun milliy kadrlarni tayyorlash, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ikki mamlakatning tegishli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish rejalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurish ishlariga start bergandi.

Teglar

Mavzuga oid