
O‘zbekiston bokschilari Dubayda o‘tgan jahon chempionatida 9 ta medal qo‘lga kiritdi
Dubay shahrida IBA shafeligi ostida o‘tgan 2025 boks bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ikki oltin, to‘rt kumush va uch bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Dubay shahrida o‘tgan IBA 2025 boks bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Turnir yakunlariga ko‘ra, o‘zbek bokschilari jami 9 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Rossiya va Qozog‘istondan so‘ng uchinchi o‘rinni egallashdi. Medallar soni bo‘yicha bokschilarimiz ikkinchi o‘rinda.
E’tiborlisi, O‘zbekiston bokschilari 6 vazn toifasida finalda jang olib borishdi va ularning barchasi rossiyalik bokschilarga qarshi o‘tdi.
Oltin medallar 51 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov va 67 kg vaznda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev hissasiga to‘g‘ri keldi. Do‘smatov finalda rossiyalik Bair Batlayevni 4:1 hisobida mag‘lub etdi va ikki karra jahon chempioniga aylandi. Shuningdek, u musobaqa yakunlariga ko‘ra «Turnirning eng yaxshi bokschisi» deb topildi. Asadxo‘ja Muydinxo‘jayev esa finalda rossiyalik Yevgeniy Koolni 5:0 hisobida ishonchli tarzda yengdi.
Kumush medallar Abdumalik Xalokov (60 kg), Javohir Ummataliyev (80 kg), To‘rabek Habibullayev (92 kg) va Arman Mahanov (92 kgdan yuqori) tomonidan qo‘lga kiritildi. Ular final janglarida tajribali raqiblariga qarshi kurash olib borib, sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Bronza medallari esa Xujanazar Nortojiyev (57 kg), Asilbek Jalilov (54 kg) va Fazliddin Erkinboyev (75 kg) hissasiga to‘g‘ri keldi. Erkinboyev yarim final bahsi raqibining jarohati sabab bekor qilingani uchun bronza medali bilan taqdirlandi.
13 ta vazn toifasidan 12 tasi finalga yo‘l olgan rossiyalik bokschilar 7 ta oltin, 5 ta kumush, 1 ta bronza bilan birinchi o‘rinni egallashdi. Qozog‘iston bokschilari 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza bilan medallar sifati bo‘yicha ikkinchi, soni bo‘yicha uchinchi o‘rinni olishdi.
Qayd etib o‘tish kerak, rossiyalik Umar Kremlyov yetakchilik qilayotgan IBA boks assotsiatsiyasi Olimpiadaga yo‘llanma berishdan mahrum qilingan.
Yangi tuzilgan World Boxing tashkilotida esa rossiyalik bokschilar musbqalarda ishtirok eta olishmaydi.




