
O‘zbekiston bokschilari MDH o‘yinlarida 10 ta medal qo‘lga kiritishdi
05.10.2025 | 22:5629483
Ozarboyjonda bo‘lib o‘tgan MDH o‘yinlarida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi beshta oltin va beshta kumush medal bilan jamoaviy hisobda yuqori natija qayd etdi.

O‘zbekistonning erkaklar boks bo‘yicha terma jamoasi Azerboyjonda o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) o‘yinlarida jami 10 ta medal — 5 ta oltin va 5 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija terma jamoa uchun musobaqaning eng muvaffaqiyatli yakunlaridan biri bo‘ldi.
Oltin medal sohiblari quyidagilar bo‘ldi: Behruz Rohataliyev (–54 kg) qirg‘izistonlik Erbol Barataxunov ustidan 5:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Bobomurod Boymirzayev (–57 kg) esa raqibi ringga chiqishdan bosh tortgani sababli oltin medalni qo‘lga kiritdi. Dilshod Ahmadjonov (–63 kg) rossiyalik David Karababayevni 3:2 hisobi bilan yengdi. Oybekjon Abdurahimov (–70 kg) Rossiya vakili Albert Kobzevni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Xurshidbek Jo‘rayev (–75 kg) finalda rossiyalik Roman Zaporojets ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Kumush medal egalari esa quyidagicha: O‘tkirbek Norkosimov (–46 kg) ozarboyjonlik Qardash Rahimovga 2:3 hisobida yutqazdi. Azizbek Shokirjonov (–50 kg) Tojikiston vakili Behruz Umarovga qarshi jangda 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Otbek Nurmuhammadov (–60 kg) ozarboyjonlik Shohin Aslanovga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Kamronbek Hamdamov (–66 kg) rossiyalik Maksim Sobolevga qarshi keskin bellashuvda 2:3 hisobida yutqazdi.
Shuningdek, og‘ir vazn toifasida (+80 kg) Farhodjon Bahodirov ham finalga chiqdi, ammo ozarboyjonlik Safar Mammadzodaga qarshi jangda 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘zbekiston sportchilari 20 ta oltin, 27 ta kumush va 47 ta bronza — jami 94 ta medal bilan umumjamoa hisobida 4-o‘rinda borishmoqda.







