
O‘zbekiston Boku forumida $68 mlnlik eksport shartnomalari imzoladi
19.06.2025 | 17:4020273
10–12 iyun kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar savdo forumida O‘zbekiston delegatsiyasi 68 mln dollarlik eksport shartnomalari tuzdi. Tadbirda mamlakatimizdan 50 dan ziyod korxona «Made in Uzbekistan» brendi ostida o‘z mahsulotlarini taqdim etdi.

Forum Turkiy kengashga a’zo va hamkor davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari ham ishtirok etdi. Yig‘ilish doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar Bokuning yirik importchilar, logistika va qurilish kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qurilish materiallari sohasida o‘zbek kompaniyalari — New Best Style, Lux Ceramics Group va Ekokerama kabi korxonalar Uni Tiles MMC kompaniyasi tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Muzokaralar natijasida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi va Uni Tiles MMC o‘rtasida 1 mln dollarlik shartnoma imzolandi.
Shuningdek, New Best Style va Sahil Inshaat 2020 o‘rtasida 500 ming dollarlik PVX-panellar yetkazib berish shartnomasi tuzildi. Ozarbayjon qurilishchilar va ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (ATIA) bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Trikotaj mahsulotlar eksporti bo‘yicha Artatex va MMS Universal Trade XI o‘rtasida kelishuvga erishildi. Orzu-Teks kompaniyasi tomonidan muntazam ravishda 35 tonna rangli trikotaj yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzildi.
Jami 68 mln dollarlik eksport shartnomalari keramika mahsulotlari, maxsus kiyimlar, bolalar kiyimi va 5 ming dona klimat texnikasini qamrab oldi. Forum yakunida O‘zbekiston mahsulotlari uchun Bokuda 1 500 metr kvadratli doimiy shourum tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.





