
O‘zbekiston BRICS Yangi Taraqqiyot Banki a’zoligiga qabul qilindi
10.06.2025 | 14:2014812
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuvda O‘zbekistonning bankka a’zo bo‘lishi, hamkorlikdagi 5 mlrd dollarlik loyihalar va ustuvor sohalardagi sheriklik masalalarini muhokama qildi.

9 iyun kuni Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BRIKS tarkibidagi Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusefni qabul qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan masalalar muhokama etildi.
Davlat rahbari joriy yilda O‘zbekistonning Yangi taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Bank Boshqaruvchilar kengashi tomonidan berilayotgan prinsipial rozilikni yuqori baholadi. Ta’kidlanishicha, hozirgacha umumiy qiymati 5 mlrd dollardan oshgan qo‘shma loyihalar dasturi shakllantirilgan.
Prezident Mirziyoyev irrigatsiya tizimlarini yangilash, tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, xususiy sektorni moliyalashtirish, ta’lim va infratuzilmada davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, mintaqaviy darajadagi yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va amalga oshirishda Yangi taraqqiyot bankining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Muzokaralar O‘zbekistonning global moliyaviy institutlar bilan munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va investitsion muhitni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilayapti.





