
O‘zbekiston BRICSʼning hamkor davlatiga aylandi
07.07.2025 | 14:3044994
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan BRICSʼning 17-sammitida O‘zbekiston rasman BRICSʼning hamkor davlatlaridan biri sifatida qabul qilindi. Bu haqda sammit bayonotida e’lon qilindi.

2025 yil 6 iyul kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BRIKSning 17-yuqori darajadagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Indoneziya rasman BRICSʼning yangi a’zosi sifatida qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus, Boliviya, Kuba, Nigeriya, Malayziya, Tailand, Viyetnam va Uganda kabi 10 ta davlat BRICSʼning hamkor davlatlari sifatida tan olindi.
Sammit bayonotida ushbu davlatlarning BRIKS bilan hamkorlikni kengaytirishi va tashkilot global maydonda ta’sirini kuchaytirishi ta’kidlandi. O‘zbekiston tomoni bu haqda hozircha rasmiy izoh bermagan.
BRIKS sammiti doirasida «Tinchlik va xavfsizlik hamda global boshqaruv islohoti» mavzusida sessiya o‘tkazildi. Unda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi global institutlarni, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi, Jahon Savdo Tashkiloti va xalqaro moliya tashkilotlarini isloh qilish zarurligini qayd etdi.
Modi so‘zlariga ko‘ra, BRICSʼning kengayishi tashkilotning zamon talablariga moslashish qobiliyatini namoyon etmoqda. U XXI asrda global tizimni XX asrning yondashuvlari bilan boshqarib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Sammit yakunida BRICS yetakchilari «Iqlim moliyalashtirish» deklaratsiyasi, «Sun’iy intellekt global boshqaruvi» to‘g‘risidagi bayonot va ijtimoiy sabablarga bog‘liq kasalliklarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik tashabbusini qabul qildi. BRICS bayonotida ushbu qarorlar tashkilotning barqaror va inklyuziv yechimlar yaratishga bo‘lgan intilishini aks ettirishi ta’kidlangan.
BRICS 2009 yilda Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, keyinchalik Janubiy Afrika a’zo sifatida qo‘shilgan. bugungi kunda BRICS tuzilmasiga Misr, Efiopiya, Eron, BAA va Indoneziya ham rasman a’zo bo‘lgan. Tashkilot hozirgi holatda dunyo aholisining yarmidan ko‘prog‘ini qamrab olgan yirik platforma hisoblanadi.





