
O‘zbekiston elchisi Daniya qiroliga ishonch yorliqlarini topshirdi
O‘zbekiston va Daniya 1992 yil 25-yanvardan buyon diplomatik munosabatlar o‘rnatgan.

O‘zbekistonning Daniyadagi yangi elchisi (qarorgohi Stokholm shahrida) Rahmatulla Nurimbetov Daniya Qiroli Frederik X ga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» xabar berdi.
Qayd etilishicha, tantanali marosimdan so‘ng siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston–Daniya munosabatlarining bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Shu bilan birga, muloqot chog‘ida tog‘-kon sanoati, «yashil» energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish, iqlim barqarorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi muhim yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Daniya 1992 yil 25-yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan. Rahmatulla Nurimbetov 2024 yil 4-dekabrda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi sifatida Qirol Karl XVI Gustavga, 2025 yil 15-mayda esa Norvegiyadagi elchisi sifatida Qirol Xarald Vga ishonch yorliqlarini topshirgan.





