
O‘zbekiston elchixonasi xodimlari rus yigitni kaltaklagani rad etildi
03.09.2025 | 20:209333
Moskvada itini sayr qildirib qaytayotgan Roman ismli yigit O‘zbekiston elchixonasi yaqinida kaltaklandi.

Joriy yilning 31 avgust kuni Rossiyaning bir qator ommaviy axborot vositalarida Moskvada O‘zbekiston elchixonasi xodimlari tomonidan bir erkak kaltaklangani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston elchixonasi holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Hodisa Moskva shahri Bolshaya Polyanka ko‘chasi 28-uy yaqinida Roman ismli fuqaro bilan sodir bo‘lgan. U o‘sha kuni O‘zbekiston elchixonasi yonidan itini sayr qildirib qaytayotganida noto‘g‘ri qo‘yilgan mashinaga ko‘zi tushgan va mashina ichida o‘tirganlarga tanbeh bergan. Bunga javoban Roman avval do‘q-po‘pisa eshitgan, keyin esa kaltaklangan.
Bayonotga ko‘ra, qo‘yilgan postlarning fotosuratlarida ko‘rsatilgan avtotransport vositasi va huquqbuzarlar O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga hech qanday aloqasi yo‘q. Ushbu avtotransport diplomatik raqami boshqa mamlakatning diplomatik vakolatxonasiga tegishli.
«Sodir bo‘lgan voqea uchun elchixonaga javobgarlikni yuklashga qaratilgan har qanday urinishlar asossiz va nomaqbul deb hisoblaymiz. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini tekshirilmagan axborotlarni tarqatmaslikga so‘rab qoladi», - deyiladi xabarda.





