
O‘zbekiston fintexga 1 mlrd dollar investitsiya jalb qiladi
Prezident Mirziyoyev belgilgan strategiya doirasida fintexni iqtisodiyotning yangi drayveriga aylantirish, 2030 yilga qadar 1 mlrd dollar xorijiy sarmoya jalb etish rejasini tasdiqladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan «O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq, 2030 yilgacha fintex startaplar va kompaniyalar uchun 1 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatda raqamli moliya muhitini shakllantirishning asosiy markaziga aylanadigan ikkita muhim tuzilma yaratiladi.
Birinchisi — ustav kapitali 50 mln dollar bo‘lgan venchur fond bo‘lib, u fintex startaplarga dastlabki sarmoya, rivojlanish va masshtablanish bosqichlarida moliyaviy ko‘mak beradi.
Ikkinchisi — O‘zbekiston Markaziy banki huzurida tashkil etiladigan innovatsion markaz bo‘lib, u tajriba maydonchalari, regulyator «qumdon» va texnologik infratuzilmani o‘z ichiga oladi.
Rejaga asosan, mamlakatdagi fintex kompaniyalari soni 200 taga yetkaziladi. Sohani kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2026 yildan markaz ishtirokchilari uchun o‘qish xarajatlarining 50 foizi, bir loyiha uchun 20 ming dollargacha kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, Markaziy bank har yili xalqaro darajadagi moliyaviy texnologiyalar forumlarini o‘tkazib boradi.
Quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha aniq mo‘ljallar belgilab berilgan: 5 ming mutaxassis tayyorlash, kamida 100 fintex-loyihani qo‘llab-quvvatlash va banklar bilan kompaniyalar o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashishni ta’minlaydigan Open Banking tizimini joriy etish.
Tahlilchilarning fikricha, mazkur dastur mamlakatda raqamli moliya ekotizimining shakllanishini tezlashtiradi, xalqaro sarmoyachilar uchun shaffof va jozibali bozor muhitini yaratadi. Shu bilan birga, bank sektorida raqobat kuchayib, innovatsion xizmatlar ulushi keskin oshishi kutilmoqda.





