
O‘zbekiston Global innovatsiya indeksida 79-o‘rinni egalladi
17.09.2025 | 16:3031634
O‘zbekiston jahon innovatsiya reytingda o‘rnini yaxshilab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
O‘zbekiston 2025 yilgi Global innovatsiya indeksida to‘rt pog‘ona yuqoriga chiqib, mintaqada yetakchi davlat sifatida qayd etildi. Bu haqda BMTning 2025 yilgi Global innovatsiya indeksi hisobotida ma’lum qilindi.
Jahon bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni Shveysariya saqlab qoldi. U 2011 yildan beri indeksda yetakchi bo‘lib kelmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Shvetsiya va AQSH egalladi. Birinchi o‘ntalikka Janubiy Koreya, Singapur, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Niderlandiya va Daniya ham kirdi. Xitoy o‘ninchi o‘rinni qayd etib, Germaniyani orqaga surdi.
O‘zbekiston2024-yilda 132 ta davlat orasida 83-o‘rinni qayd etgan edi. Bu yil Markaziy Osiyoda O‘zbekiston 79-o‘rin bilan yetakchi bo‘ldi. Qozog‘iston 81-o‘rinda, Qirg‘iziston 96-o‘rinda, Tojikiston 108-o‘rinda qayd etildi. Turkmaniston esa indeksga kiritilmagan. O‘zbekiston o‘tgan yilgi 83-o‘rindan to‘rt pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, innovatsiya sohasidagi ko‘rsatkichlar mamlakatning iqtisodiy salohiyati va texnologiyaviy imkoniyatlarini namoyon qiladi. Masalan, 2024 yilda xalqaro patent arizalarining qariyb to‘rtdan bir qismi Xitoyga to‘g‘ri kelgan, bu esa boshqa har qanday mamlakatdan yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘zbekiston «Innovatsiyalarga kiritilgan sarmoyalar» subindeksida o‘tgan yilga nisbatan yaxshilanib, 69-o‘rinni yegallagan. Biroq «Innovatsiyalardan olingan natijalar» bo‘yicha 92-o‘rin qayd etgan va bu ko‘rsatkich pasaygan. Jami hisobda 8 ta ko‘rsatkich bo‘yicha ijobiy o‘zgarish, 3 ta yo‘nalishda esa pasayish qayd etilgan. Global innovatsiya indeksi har yili sentyabr oyida e’lon qilinadi va mamlakatlarning bilim, texnologiya, ishbilarmonlik muhiti hamda innovatsiya salohiyati kabi ko‘rsatkichlar asosida baholaydi.




