Logo

O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochadi

Tomonlar elchixona ochish, forumlar o‘tkazish va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

O‘zbekiston Gruziyada elchixona ochadi © prezident.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasida 3-iyul kuni kengaytirilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya delegatsiyalari ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni yanada mustahkamlash va siyosiy-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, tomonlar 2026-yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini tashkil etishga kelishib oldi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi.

Madaniy aloqalar kengayadi

Muzokaralar chog‘ida madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tbilisidagi bog‘lardan biriga buyuk shoir Alisher Navoiy nomini berish to‘g‘risidagi qaror uchun Gruziya rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar madaniy almashinuvlarni yanada faollashtirish muhimligini qayd etdi. Xususan, 2026 yil mart oyida Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1994-yil 19-avgustda o‘rnatilgan. Hozirda Gruziyaning Toshkentda elchixonasi faoliyat yuritmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tbilisiga borgan edi. Orbeliani saroyida uni Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili rasmiy kutib oldi va oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Gruziyaning oliy davlat mukofoti — «Oltin mo‘yna» ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, 3-iyul kuni Mirziyoyev Tbilisidagi Qahramonlar maydoniga tashrif buyurib, Gruziya mustaqilligi va birligi uchun halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga gulchambar qo‘ydi.

Teglar

Mavzuga oid