
O‘zbekiston inflyatsiyani jilovlash uchun qattiq pul-kredit siyosatini saqlab qolmoqda
11.10.2025 | 08:0025735
Markaziy bank inflyatsiya bo‘yicha 5 foizlik mo‘ljalni 2027 yilgacha kechiktirdi va stavkani 14 foiz darajasida ushlab turmoqda.

O‘zbekiston inflyatsiya bosimini kamaytirish uchun pul-kredit siyosatini qattiq saqlab qoladi. Bu haqda Bloomberg agentligi Markaziy bank vakillariga tayanib xabar berdi. Iqtisodiyoti so‘nggi besh yilda ikki baravar o‘sgan mamlakatda hukumat faol liberal islohotlar olib borayotgan bo‘lsa-da, narxlar o‘sishi hanuz yuqori darajada, deb yozmoqda nashr.
Markaziy bank mart oyida asosiy stavkani 0,5 foizga oshirib, 14 foizda belgiladi — bu iqtisodiy o‘sish fonida inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan chora. Tashkilot raisi o‘rinbosari Abror Olimovning so‘zlariga ko‘ra, 5 foizlik inflyatsiya mo‘ljali endi faqat 2027 yilga rejalashtirilgan. «Energetikada tariflar liberallashuvi inflyatsiyaga ta’sir qildi, ammo biz bu jarayonni oldindan ko‘zlab, hukumat bilan birgalikda mos choralar ishlab chiqdik», — dedi u.
O‘tgan yillarda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 100 mlrd dollarni ortda qoldirdi, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi yarmida iqtisod 7 foizdan ziyodga o‘sdi, bu O‘zbekistonni mintaqaning eng tez o‘suvchi bozorlaridan biriga aylantirdi. Shunga qaramay, Markaziy bankning asosiy ustuvor vazifasi — inflyatsiyani jilovlash.
ING Bank tahlilchilari fikricha, narxlar o‘sishi sekinlashishi bilan siyosatni yumshatish uchun «mo‘’tadil imkoniyatlar» paydo bo‘lishi mumkin. Ammo hozircha regulyator real kredit stavkalari 20 foizdan yuqori ekani sababli likvidlikni boshqarish va qaror qabul qilishda ochiqlikni oshirish ustida ishlamoqda.
So‘nggi yillarda MB likvidlikni kunlik operatsiyalar orqali ta’minlash, REPO operatsiyalarini joriy etish va banklar uchun mablag‘ boshqaruvini yengillashtirish kabi islohotlarni amalga oshirdi. Shu bilan birga, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida jurnalist va blogerlar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston Markaziy banki sentyabr holatiga ko‘ra xalqaro zaxiralarini 50 mlrd dollarga yetkazdi. Zaxiralarning 80 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi, bu metall narxlarining o‘sishi orqali davlat byudjetiga ham daromad qo‘shmoqda. Olimovning ta’kidlashicha, regulyator kelgusida likvid aktivlar ulushini oshirish hamda xalqaro moliya institutlari obligatsiyalariga investitsiya kiritish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlamoqda.





