
O‘zbekiston irrigatsiya loyihasiga Jahon bankidan $200 mln kredit oladi
21.05.2025 | 15:2044643
Jahon banki O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha uchun $200 million imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Hukumat tomonidan qo‘shimcha $23,2 million mablag‘ yo‘naltiriladi.

Jahon bankining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihasi uchun $200 million imtiyozli kredit ajratiladi. Ushbu tashabbusga O‘zbekiston hukumati ham $23,2 millionlik qo‘shimcha mablag‘ ajratadi.
Loyiha Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Uning asosiy hududlari sifatida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlari belgilangan.
Loyiha doirasida sakkizta yirik magistral kanal (umumiy 259 km) betonlashtiriladi, ularning shakli va balandligi o‘zgartiriladi. Bu suvni erkin oqimda yetkazib berish imkonini yaratadi. Shuningdek, 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar barpo etiladi.
Suv sarfini aniq nazorat qilish maqsadida maxsus regulyatorlar va masofaviy boshqaruv tizimi (SCADA) o‘rnatiladi. Bu tizim orqali dispetcherlik nazorati va ma’lumotlarni yig‘ish imkoni ta’minlanadi.
Loyiha natijasida 232 ming gektar yerda sug‘orish xizmatlari yaxshilanadi. 180 ming nafar suv foydalanuvchi, jumladan 80 ming ayol, barqaror sug‘orish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har yili 540 million kub metr suv va 165 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejalishi kutilmoqda.





