
O‘zbekiston Jenevada Shveysariya bilan JST bo‘yicha muzokaralarni yakunladi
22.07.2025 | 08:0016003
21 iyul kuni Jenevada O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga qo‘shilishi doirasidagi ikki tomonlama muzokaralar rasman yakunlandi. Bu haqda JST bo‘yicha Prezident vakili Azizbek O‘runov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bozorga kirish masalalari bo‘yicha protokolni imzolagan va bu tarixiy jarayonda yana bir muhim bosqichdir. Shveysariya — O‘zbekiston bu borada kelishuvga erishgan 25-davlat bo‘ldi.
Azizbek O‘runov o‘z bayonotida: «Uzoq ro‘yxat yakunlandi, endi orqaga hisob boshlandi!» — deb qayd etdi. U, shuningdek, uzoq muzokaralar davomida faol ishlagan o‘zbek va shveysariya delegatsiyalari ishiga minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston JSTga qo‘shilish jarayonida hozirgacha 33 davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan bo‘lib, shundan 24 ta bilan kelishuvlarga erishilgani avvalroq xabar qilingandi. Endi esa, Shveysariya bilan ham kelishuvga erishilgani bilan, bunday davlatlar soni 25 taga yetdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati joriy yil oxirigacha qolgan 8–9 davlat bilan ham muzokaralarni yakunlashni maqsad qilgan. May oyida esa Buyuk Britaniya bilan muzokaralar yakunlanib, bayonnoma imzolash 12 iyun kuni Jenevadagi ishchi guruh yig‘ilishida amalga oshirilishi ma’lum qilingan edi.
O‘zbekistonning JSTga to‘liq a’zo bo‘lishi uchun ikki tomonlama kelishuvlar to‘liq yakunlanishi zarur. Hozirda bu yo‘nalishdagi faoliyat izchil davom etmoqda va tomonlar dunyo bozoriga integratsiyani kuchaytirishga intilayotganini ko‘rsatmoqda.





