
O‘zbekiston Kaspiy dengizida parom qatnovini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda
05.07.2025 | 18:3021692
Transport vaziriga ko‘ra, bu tashabbus yuk tashishni jadallashtirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuk tashish tizimini rivojlantirish maqsadida parom qatnovini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat transport vaziri Ilhom Mahkamov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida turkiyalik hamkorlar ishtirokini ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Xitoydan O‘zbekistonga qurilayotgan temiryo‘l yo‘nalishi Ozarboyjon orqali o‘tadigan tranzitga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil yozida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston bilan dengiz orqali yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirgan edi. U prezident Shavkat Mirziyoyevga Qora dengiz orqali yuk tashish loyihasiga qo‘shilishni taklif qilgan.
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga tashrifi chog‘ida Ilhom Aliyev bilan birga Kaspiy bo‘yida joylashgan «Sea Breeze» dam olish maskani faoliyati bilan tanishgan.





