add

O‘zbekiston kompaniyalari Germaniyadagi «Anuga-2025» xalqaro ko‘rgazmasida qatnashmoqda

05.10.2025 | 12:016643

Germaniyaning Kyoln shahrida o‘tayotgan «Anuga-2025» ko‘rgazmasiga O‘zbekistondan 30 dan ortiq ishlab chiqaruvchi kompaniya «Made in Uzbekistan» brendi bilan qatnashmoqda.

O‘zbekiston kompaniyalari Germaniyadagi «Anuga-2025» xalqaro ko‘rgazmasida qatnashmoqda
Joriy yil 4–8 oktyabr kunlari Germaniyaning Kyoln shahrida dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va ichimlik mahsulotlari ko‘rgazmasi — «Anuga-2025» bo‘lib o‘tmoqda. Bu nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda, deb xabar beradi  Savdo sanoat palatasi. O‘zbekistondan 30 dan ortiq ishlab chiqaruvchi kompaniya «Made in Uzbekistan» milliy brendi ostida o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Delegatsiya tarkibiga oziq-ovqat sanoati, qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va upakovka sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi korxonalar kiradi. Tadbir Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda «Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» AJ ko‘magida tashkil etilgan. «Anuga» ko‘rgazmasi har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi va jahon oziq-ovqat sanoatida eng muhim xalqaro platforma hisoblanadi. Bu yilgi tadbirda 110 dan ziyod davlatdan 8 mingga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 290 ming kvadrat metrni tashkil etadi, mehmonlar soni esa 200 ga yaqin mamlakatdan 140 ming nafardan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. O‘zbek ishlab chiqaruvchilari ko‘rgazma doirasida o‘z mahsulotlarini xalqaro bozorga taqdim etish bilan birga Germaniya va boshqa davlatlar biznes doiralari bilan yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqdalar. Bu ishtirok O‘zbekiston milliy ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini oshirish hamda «Made in Uzbekistan» brendini jahon bozorida yanada keng targ‘ib etishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid