
O‘zbekiston Koreyaga yana 6 ta xizmat itini eksport qildi
18.07.2025 | 18:3047042
Milliy kinologiya markazida tayyorlangan Koreyaga yuborilgan xizmat itlari soni 12 taga yetdi. Ular “Giyohvand moddalarni aniqlash” yo‘nalishida samarali xizmat ko‘rsatmoqda.

2023–2024 yillarda Toshkentdagi Milliy kinologiya markazida tayyorlangan va Koreya bojxona xizmatiga yuborilgan 6 bosh labrador zotiga mansub xizmat itlari hozirgi kunda xalqaro aeroport va dengiz portlarida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.
Iyun oyida Koreya mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurib, yana 6 bosh xizmat itini sotib olish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolashdi. Ushbu shartnoma doirasida Toshkent xalqaro aeroporti orqali xizmat itlari barcha veterinariya ko‘riklaridan o‘tkazildi va tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Joriy haftada Jessi, Bella, Farona, Rada, Fayz va Fariz laqabli xizmat itlari Koreyaga eksport qilindi. Ular “Eksport uch qadamda” tizimi orqali rasmiylashtirildi va bojxona yuk deklaratsiyasi asosida yuborildi.
Shu bilan, umumiy hisobda Koreya bojxona xizmatiga eksport qilingan xizmat itlari soni 12 taga yetdi. Bu esa Milliy kinologiya markazining eksport salohiyati oshib borayotganini va xalqaro hamkorlik salohiyatini namoyon etadi.





