
O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa standartlariga mos sertifikatlanadi
18.06.2025 | 11:2024303
O‘zbekistonda standartlashtirish tizimi tubdan isloh qilinib, mahsulotlar Yevropa va xalqaro standartlar asosida sertifikatlana boshladi. Bu mamlakat eksport salohiyatini oshirish hamda JSTga a’zo bo‘lish maqsadlariga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda texnik tartibga solish sohasini modernizatsiya qilish, sifatni ta’minlash va eksportni rag‘batlantirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2024 yilda qabul qilingan farmon va qarorlar asosida texnik jihatdan tartibga solish agentligiga bir qator muhim vazifalar yuklatildi.
So‘nggi yillarda 12 mingdan ortiq standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulot sinovdan o‘tkazilib, 40 ta yangi eksport bozorlariga chiqishga erishildi. Endilikda milliy standartlarni xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish darajasi 39,4 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 24,2 foiz edi.
Ayni vaqtda 1 415 ta xalqaro va Yevropa standarti joriy etildi, 2 668 ta milliy standart qayta ko‘rib chiqildi, 2 628 ta eski standart bekor qilindi. Shundan tashqari, 25 ta texnik qo‘mita qayta tashkil etildi va 4 ta yangi qo‘mita tuzildi. ISO va IEC kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengayib, O‘zbekistonning ishtiroki to‘laqonli a’zolik darajasiga yetkazildi.
Metrologiya sohasida ham ulkan yutuqlar qayd etildi. Milliy etalonlar soni 77 tagacha oshirilishi belgilangan bo‘lib, xalqaro laboratoriyalar tarmoqlariga a’zo bo‘lish ishlari amalga oshirildi. ACWA Power va State Grid kabi xalqaro kompaniyalar bilan loyihalar boshlangan.
Joriy yil yakuniga qadar 9 ta texnik reglament tasdiqlanishi, 300 ta xalqaro va Yevropa standarti joriy qilinishi, 1 200 dan ziyod korxonada sifat boshqaruvi tizimlari joriy qilinishi rejalashtirilgan. Yevropaning CEN qo‘mitasi bilan 200 ta standart bo‘yicha litsenziya kelishuvi erishildi.





