O‘zbekiston maishiy kimyo bozorida 100 ta yangi brend yaratiladi
O‘zbekiston maishiy kimyo sohasiga 65 million dollar yo‘naltirib, 100 ta yangi brend ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
© prezident.uzO‘zbekistonda maishiy kimyo sanoatini rivojlantirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslar belgilandi. Qayd etilishicha, mintaqada maishiy kimyo mahsulotlari bozorining umumiy hajmi 2 milliard dollarni tashkil etadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda ma’lum qilindi.
Sohadagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri sifatida «Angren» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan korxona misol qilib keltirildi. Mazkur korxona dunyoga mashhur «Henkel» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Ma’lum qilinishicha, «Henkel» ushbu korxonani to‘liq sotib olgan va endilikda shu hududdan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlariga mahsulot yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu esa O‘zbekistonning mintaqaviy ishlab chiqarish va eksport markaziga aylanish imkoniyatini kuchaytirishi mumkin.
Yangi loyihalar rejasi
Bunday hamkorliklarni ko‘paytirish maqsadida Toshkent shahridagi sanoat zonalaridan biridagi ishlab chiqarish maydonlari maxsus ravishda maishiy kimyo loyihalari uchun ajratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan korxonalarni o‘z brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti asosida yangi loyihalarni moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu maqsadlar uchun 50 million dollar mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu mexanizm xususiy investorlarni yangi ishlab chiqarishlarga jalb qilish va sohada raqobatni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eksport va brendlar
Hududlarda amalga oshiriladigan shunga o‘xshash loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasi orqali yana 15 million dollar yo‘naltiriladi.
Umuman olganda, mutasaddilarga maishiy kimyo sohasida qo‘shimcha ravishda kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Bu ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.





