add

O‘zbekiston maktablarida kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi

16.10.2025 | 14:1545013

Joriy o‘quv yilida mamlakat bo‘ylab barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun kuzgi ta’til 4 noyabrdan 9 noyabrgacha belgilandi. Ta’tildan so‘ng II chorak darslari 10 noyabrdan boshlanadi.

O‘zbekiston maktablarida kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi
2025–2026 o‘quv yilining kuzgi ta’tili 4 noyabr kuni boshlanib, 9 noyabrgacha davom etadi. Shuningdek, II chorak bo‘yicha dars mashg‘ulotlari 10 noyabrdan qayta yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Maktobgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ta’til muddatlari Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida belgilangan. Unga muvofiq, kuzgi ta’til 6 kalendar kun, qishki ta’til 28 dekabrdan boshlab 14 kalendar kun, bahorgisi 21 martdan 7 kalendar kun davom etadi. Yozgi ta’til esa o‘quv yili yakunlanishi bilan 1 sentyabrgacha belgilanadi. Vazirlik ta’kidlashicha, agar ta’tilning oxirgi kuni bayram yoki ishlanmaydigan kunga to‘g‘ri kelsa, dars mashg‘ulotlari keyingi ish kunidan boshlanadi. Shuningdek, bayram kunlariga to‘g‘ri kelgan dars mavzulari o‘quv dasturini ixchamlashtirgan holda keyingi mashg‘ulotlarda o‘tiladi. Mazkur tartib o‘quv jarayonida uzluksizlikni ta’minlash va o‘quvchilarning ta’lim dasturini to‘liq o‘zlashtirishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid