
O‘zbekiston Mobiuz mobil operatoridagi 100 foiz davlat ulushini sotuvga qo‘ydi
10.06.2025 | 10:0010794
O‘zbekiston hukumati mobil aloqa operatori Mobiuz (Universal Mobile Systems)dagi 100 foiz ulushini sotuvga qo‘ydi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rasman ma’lum qildi.

Mazkur xususiylashtirish jarayoni xalqaro miqyosda tashkil etiladi. Muzokara va savdolarni tashkil etishda yetakchi strategik maslahatchi sifatida Rothschild & Co, moliyaviy maslahatchi sifatida esa KPMG ishtirok etmoqda. Savdolarda mahalliy va xorijiy investorlar qatnashishi mumkin.
Tender uch bosqichda o‘tkaziladi: avval qiziqish bildirish (Expression of Interest), keyin majburiyatsiz takliflar (Non-Binding Offers) va so‘ng majburiy takliflar (Binding Offers) qabul qilinadi. Birinchi bosqichda qatnashish uchun ishtirokchilar o‘z kompaniyasi, aksiyadorlari va moliyaviy holati haqida ma’lumotlarni taqdim etishi lozim. Arizalar 2025 yil 1 avgustga qadar qabul qilinadi.
Moliyaviy barqarorlik talablariga javob bermagan hamda AQSH, YeI yoki xalqaro moliya institutlari sanksiyalarida bo‘lgan kompaniyalar savdolarda ishtirok etolmaydi. Saralashdan o‘tgan ishtirokchilar bilan maxfiylik to‘g‘risida kelishuv (NDA) imzolanadi va ularga kompaniya haqida batafsil ma’lumot taqdim etiladi.
Majburiy taklif bosqichida ishtirokchilar Mobiuz’ning moliyaviy, soliq va yuridik holati yuzasidan KPMG tayyorlagan auditorlik xulosasi bilan tanishadi va operatorning ob’ektlariga tashrif buyurishi mumkin. Bu bosqichda taklif qilingan narxning kamida 1 foizi miqdorida kafillik puli to‘lanishi shart.
2024 yil yakunlariga ko‘ra, Mobiuz’ning sof tushumi 2,086 trln so‘mni tashkil etgan, abonentlar soni esa 7,8 millionga yetgan. Kompaniya avval Rossiyaning MTS operatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, 2016 yildan to‘liq davlat tasarrufiga o‘tgan.
Xususiylashtirish bo‘yicha qaror 2022 yil bahorida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan davlat dasturi asosida qabul qilingan edi. Joriy yil aprel oyida esa bu qaror yangi farmon bilan rasman kuchga kirdi.





