add

O‘zbekiston OECD bilan anglashuv memorandumi imzoladi

Hujjat investitsiya, raqamlashtirish va «yashil» iqtisodiyotni qamrab olib, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasida yangi bosqichni boshladi.

O‘zbekiston OECD bilan anglashuv memorandumi imzoladi

Yevroosiyo haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat mamlakatning jahon iqtisodiyotiga chuqurroq integratsiyasiga xizmat qiladigan yangi hamkorlik bosqichini boshlab berdi, deyiladi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabarida.

Memorandum 19 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi. Ular orasida investitsiya muhitini yaxshilash, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurash, «yashil» energetikani rivojlantirish kabi muhim sohalar bor. Hamkorlik natijasida o‘zbek biznesi OECDʼning tahliliy materiallari va ilg‘or xalqaro amaliyotlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Rasmiylarga ko‘ra, bu qadam kompaniyalar raqobatbardoshligini oshirish va xorijiy investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Investitsiyalarga signal

Shuningdek, O‘zbekiston OECDʼning xalqaro investitsiyalar va ko‘pmillatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish uchun ariza topshirdi. Ushbu deklaratsiyani hozirda 50 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mutaxassislar fikricha, mazkur qadam mamlakatning global reytinglardagi mavqeini kuchaytiradi hamda chet ellik investorlar uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

OECD bilan hamkorlik investitsiya siyosatini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish orqali iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashni maqsad qiladi.

 

Ijtimoiy va iqtisodiy ta’sir

Memorandum doirasida ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirokchi davlatlar vakillari O‘zbekistonda biznes-missiyalarda qatnashishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, 2026 yil 16–19-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Teglar

Mavzuga oid