add

O‘zbekiston oktabrda oltinning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi

03.12.2025 | 19:383432 daqiqa

O‘zbekiston oktabr oyida oltin zahiralarini 9 tonnaga oshirdi va mamlakat markaziy bankini ushbu qimmatbaho metalning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biriga aylantirdi.

O‘zbekiston oktabrda oltinning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi

O‘zbekiston oktabr oyida 9 tonna oltin xarid qilib, jahon markaziy banklari orasida eng faol xaridorlardan biri bo‘ldi. Oltin bo‘yicha jahon kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu oyda dunyo markaziy banklari umumiy hisobda 53 tonna oltin sotib oldi va bu joriy yilda qayd etilgan eng yuqori oylik ko‘rsatkichni tashkil etdi.

Polsha va Braziliya 16 tonnadon xarid qilib birinchi o‘rinlarni egalladi, O‘zbekiston esa uchinchi o‘rindan joy oldi. Indoneziya 4 tonna, Turkiya 3 tonna, Chexiya va Qirg‘izistonning markaziy banklari 2 tonnadon oltin qo‘shdi. Gana, Xitoy, Qozog‘iston va Filippin ham bir tonnaddan ortiq zaxira to‘pladi. Faqat Rossiya Markaziy banki oltin zaxiralari 3 tonnaga kamayganini ma’lum qildi.

Joriy yil boshidan oktabrgacha jahon markaziy banklari jami 254 tonna oltin sotib oldi. Bu o‘tgan uch yilga nisbatan kamroq bo‘lsa-da, tahlilchilar buni oltinning yuqori narxi bilan izohlamoqda. Shunga qaramay, rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan barqaror talab saqlanib, oltinga bo‘lgan strategik qiziqish yanada kuchaymoqda.

Jahon kengashining so‘rov natijalariga ko‘ra, markaziy banklarning 95 foizi 2026 yilda jahon bo‘ylab oltin zaxiralari o‘zgarmay o‘sishini kutishini bildirgan. Yil boshidan buyon Polsha 83 tonna bilan eng yirik xaridor bo‘lib turibdi, Qozog‘iston 41 tonna bilan ikkinchi o‘rinda.

O‘zbekiston sof sotish bo‘yicha (10 tonnadan sal ko‘proq) Singapurdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

O‘zbekistonning oltin eksporti ham sezilarli oshdi. Yilning 10 oyida mamlakat 9,9 milliard dollarlik oltin eksport qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p ko‘rsatkichga erishdi. Oltin umumiy eksport tarkibining 37,1 foizini tashkil etdi. Oktyabr yakunida xalqaro zaxiralar 60 milliard dollarga yaqinlashib, tarixiy rekord yangilandi. Bu o‘sish asosan oltin narxining qimmatlashi hisobiga ta’minlangan, chunki zaxiralarning asosiy qismi aynan ushbu metalga to‘g‘ri keladi.

Teglar

Mavzuga oid