
O‘zbekiston oltin daromadlarini ehtiyotkorlik bilan boshqarishi kerak — XVJ
XVJ O‘zbekistonga oltin narxi o‘sishining budjet va valuta kursini izdan chiqarmasligi uchun xarajatlarni cheklash va moliyaviy zaxiralarni to‘plashni tavsiya qildi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonga oltin narxi o‘sishi natijasida shakllanadigan qo‘shimcha budjet daromadlarini ehtiyotkorlik bilan boshqarish, davlat xarajatlari va valuta kursiga bosimni cheklashni tavsiya qildi. XVJning missiya yakuniy bayonotiga ko‘ra, oltin qimmatidagi tez sur’atli o‘sish mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun bir vaqtning o‘zida imkoniyat ham, xatar ham bo‘lishi mumkin.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning to‘qqiz oyida yuqori investitsiyalar va aholi iste’moli hisobiga real YAIM 7,6 foizga o‘sdi. Talabning kuchayishiga qaramay, umumiy va bazaviy inflatsiya pasayishda davom etdi. Bu jarayonga ma’muriy tartibda oshirilgan energiya narxlarining ta’siri susayishi, real valuta kursining mustahkamlanishi va cheklovchi pul-kredit siyosati yordam berdi.
Ayni vaqtda chakana kreditlash sezilarli sur’atda ko‘paymoqda: sentabr holatiga o‘sish 23 foizni tashkil etdi. Korporativ sektorda esa o‘sish mo‘’tadil bo‘lib qolmoqda. Oltin narxi yuqoriligi va pul o‘tkazmalari hajmi kattalashishi joriy operatsiyalar hisobi defitsitini kamaytirishga xizmat qildi. Xalqaro rezervlar hozirda 12 oylik importni qoplaydigan darajada saqlanmoqda.
XVJ iqtisodiyot 2025–2026 yillarda 7 va 6 foiz atrofida o‘sishi, 2027 yilga borib inflatsiya 5 foizlik maqsadga tushishi mumkinligini qayd etdi. Biroq byudjetda rejalashtirilganidan yuqori daromadlar, imtiyozli va direktiv kreditlash dasturlarining kengayishi inflatsiya xavflarini kuchaytirishi mumkin.
Shu bois, Jamg‘arma oltindan tushayotgan davriy daromadlar hisobiga xarajatlarni tez oshirishdan tiyilish, byudjetda bufer zaxiralar to‘plash, talab bosimini cheklash va valuta kursining ortiqcha mustahkamlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni tavsiya qiladi. XVJ fikricha, jadal iqtisodiy o‘sish va yuqori oltin narxi islohotlarni tezlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi.





