
O‘zbekiston oltin valyuta zaxiralari qariyb 55 mlrd dollarga yetdi
08.10.2025 | 19:209253
Sentyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi qariyb 55 mlrd dollarni tashkil etdi va yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.

O‘zbekiston rasmiy zaxira aktivlarining umumiy qiymati sentyabrda o‘tgan oyga nisbatan 4,9 mlrd dollarga yoki 9,8 foizga ortdi va ketma-ket ikkinchi oy rekordni yangiladi. Avgustda aktivlar hajmi birinchi marta 50 mlrd dollardan oshgandi. Yil boshiga nisbatan O‘zbekiston oltin zaxirasi 12,204 mlrd dollarga, jami zaxiralari 13,812,6 mlrd dollarga ko‘paydi.
Garchi sentyabrda zaxira aktivlardagi oltinning fizik hajmi 200 ming troy unsiyaga kamaygan bo‘lsa-da, uning qiymati 44,24 mlrd dollarga yetdi.
Sentyabr oyi davomida oltin narxining 3407,50 dollardan 3806,55 dollargacha oshishining ta’siri +4,6 mlrd dollarni tashkil etdi, deya izoh berdi Markaziy bank.
Shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi zaxiralari ham sezilarli darajada oshib, (+735,7 mln dollar) 10,18 mlrd dollardan ortiqni tashkil etdi. Naqd valyuta va depozitlarning jami miqdori qariyb 9,2 mlrd dollarga yetdi (+732,3 mln dollar).
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati 3,5 mln dollarga oshib, qariyb 1,02 mlrd dollarga yetdi.
Xorijiy valyutadagi boshqa aktivlar hajmi 22,1 mln dollarga kamaydi. Bunda rasmiy zaxira aktivlarga kiritilmagan depozitlar 33 mln dollarga kamaygan bo‘lsa, rasmiy zaxira aktivlarga kiritilmagan oltin hajmi 10,6 mln dollarga oshdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston tashqi qarzi 72 mlrd dollardan oshgani haqida xabar
bergan edik.





