O‘zbekiston o‘z orzusidagi mundialni qanday kutib olmoqda?
Xo‘sh, tarixida ilk bor ushbu go‘zal festivalda ishtirok etayotgan va debyut arafasida turgan O‘zbekiston milliy jamoasi atrofida kayfiyat qanday? Orzuimiz ro‘yobga chiqayotgan tarixiy lahzalar oldidan vaziyatga biroz to‘xtalamiz.
11-iyun sanasidan AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida futbol bo‘yicha to‘rt yillikning eng nufuzli va intizorlik bilan kutilgan turniri — Jahon chempionati start oldi. Sayyoramizning eng sara terma jamoalarini birlashtirgan ushbu ulkan futbol bayrami butun dunyoda haqiqiy grandioz shukuh va o‘ziga xos eyforiya bilan boshlandi.
Tarkibdagi yo‘qotishlar
O‘zbekiston milliy jamoasi turnirga optimal holatda yetib keldi, deya olmaymiz. Yo‘qotishlar talaygina. Mundialga chiqishimizga katta hissa qo‘shganlardan biri — ikkinchi qavatdagi eng yaxshi markaziy himoyachimiz Husniddin Aliqulov xochsimon paylaridan olgan jarohati sabab mundialni o‘tkazib yuborishi avvalroq ma’lum bo‘lgandi. Fabio Kannavaro jamoasi o‘yinlarning aksariyat qismini himoyada o‘tkazishini inobatga olsak, bu — eng katta yo‘qotish.
Aliqulovning o‘ynamasligiga ruhan tayyor turgandik. Ammo jarohati bo‘lsa-da, AQSHga olib ketilgan asosiy tarkib a’zolari — Hojiakbar Alijonov va Jaloliddin Masharipovning o‘rtoqlik bahslarida 1 daqiqa ham o‘ynamagani o‘zbekistonliklarni yanada tashvishlantirayotgani bor gap. Yanada e’tiborlisi, o‘ng qanot himoyasida Alijonovning o‘rinbosari sifatida olib ketilgan Behruz Karimov ham jarohat sabab deyarli 2 oydan beri o‘ynamayapti. Shu bois Kanada (0:2) va Niderlandiya (1:2) bilan o‘rtoqlik bahslarida aslida chap qanot himoyachisi sanalgan Farrux Sayfiyev o‘ngda o‘ynadi va mag‘lubiyatlarda eng ko‘p tanqid qilinganlardan biri bo‘ldi. Bu qanotimiz Luis Dias (Kolumbiya), Nunu Mendesh va Rafael Leau (Portugaliya) kabi jahon darajasidagi futbolchilarga qarshi turib berishi kerakligini inobatga olsak, xavotirlar asosli. Umid qilamizki, ilk o‘yinimizgacha Alijonov va Karimov bilan hammasi joyida bo‘ladi.
Jamoa yetakchilaridan, chap qanot vingeri Jaloliddin Masharipovning holati esa yaxshi emas. U 26 kishilik qaydnomadan chiqarilishi mumkinligi haqida gaplar tarqaldi. O‘FA matbuot xizmatining yozishicha, futbolchining belidagi jarohatlar qayta bezovta qilgan. Masharipovning o‘zi esa instagramda "Sog‘lomman" deya post qoldirdi. Hujumkor yarimhimoyachi tarkibda qoldirilsa ham, uning maydonga tushishi ehtimoli past. Mabodo Jaloliddin qaydnomada qolsa ham, Kannavaro ta’kidlaganidek, kiyinish xonasida kayfiyatni va bosimni ko‘tarish uchun xizmat qilishi mumkin.
Keraksiz bosim
O‘tkazilgan ikki o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng muxlis-u mutaxassislar orasida jamoaga nisbatan negativlar ko‘payib ketdi. 372 kun avval mundialga chiqishni orzu qilayotgan xalq endi ko‘prog‘ini kutib yubormoqda. Ortiqcha shov-shuvlar, avval futbolga qiziqmaganlarning trenddan qolmay deb birdan "muxlis"ga aylanib qolgani ham sabab bo‘lmoqda.
Qur’a O‘zbekiston uchun omadli kelgani yo‘q. O‘lim guruhlaridan biriga tushdik. Portugaliya — Ronalduning so‘nggi mundialida Jahon chempionligi uchun favoritlardan biri. Jamoaning markaziy yarimhimoyasida Chempionlar Ligasi g‘oliblari Vitiniya va Joau Nevesh, APLda eng ko‘p assistni qayd etib rekordni yangilagan Brunu Fernandesh o‘ynadi. Kolumbiya — ayni vaqtda Janubiy Amerikada Argentina va Braziliyadan keyingi uchinchi jamoa, FIFA reytingida 13-o‘rindan joy olgan. Tarkibida mavsumni sermahsul o‘tkazgan Luis Dias, mundiallarda top rejimni yoqib oladigan Xames Rodriges va Yevropa ligalarida o‘ynaydigan o‘nlab futbolchilar bor. Ko‘pchilik mensimayotgan va go‘yoki biz yutishimiz shart bo‘lgan Kongo DR esa saralashda Osimhen va Lukmani bor Nigeriyani, Mbeumo va Onanasi bor Kamerunni ortda qoldirgan. Afrikaliklarning tarkibi asosini top-5 ligada, xususan, APL va Liga 1da o‘ynaydigan futbolchilar tashkil qiladi. Qo‘shimchasiga, ilk o‘yin Meksikada Kolumbiyaga qarshi. Mexikodagi stadion Lotin Amerikasi jamoasi muxlislari bilan to‘lib-toshadi. Chunki AQSHga kirishga qiynaladigan kolumbiyaliklar o‘z milliy jamoasini ko‘rib olish uchun yoppasiga Meksikadagi o‘yinga kelishlari shubhasiz.
Insof bilan aytsak, bu guruhdagi har bir ochko va har bir golimiz qadrlidir. Shuning uchun ortiqcha eyforiyaga berilmaslik, pley-offga chiqish shart deya bosim qilish adolatdan emas. Chunki bu yigitlarga ham ta’sir qilyapti. Ularning yurish-turishida, mashg‘ulotlarda ortiqcha jiddiylik hukmron. 35 yil kutilgan orzu ro‘yobini zavq bilan amalga oshirishga qo‘yib berish kerak. Axir bu — festival. Uni bayramdek o‘tkazish kerak. Biz kabi debyutant bo‘lgan Kyurasao mashg‘ulotlarga raqslar bilan, tabassum ila kirib kelmoqda.
Umuman olganda, tanqid qilayotganlarni ham tushunish mumkin. O‘yin o‘z yo‘liga, o‘rtoqlik bahslarigacha jamoaning mundial uchun chiqarilgan libosidan va tarkibdan qoniqmaganlar ham ko‘pchilikni tashkil qildi. Ularning e’tiroziga faqat yaxshi o‘yin yoki natija bilan javob berish mumkin. Bu ham O‘FA va jamoaga bosimni oshirib yuborayotgani shubhasiz. Bunday paytda jismoniy tayyorgarlik bilan birga psixologiya ham asosiy planga chiqadi. Jamoa bunga qanchalik tayyor yoki yo‘qligini ko‘ramiz. Kannavaro aytganidek, yigitlar yo‘qotadigan narsasi yo‘qdek, ortiqcha bosimsiz o‘ynay olsa va ishtiyoq bilan raqiblarga jang taklif qilgani ko‘rinsa, adekvat odamlarda e’tiroz qolmaydi. Noliydiganlar esa doim topiladi.
Syurpriz faktori
Xavotirlar orasida bizning foydamizga ishlaydigan yana bir muhim jihat bor — bu turnirda debyutant ekanimiz va raqiblar bizni yaxshi bilmasligidir. Portugaliya yoki Kolumbiya kabi grandlar uchun O‘zbekiston milliy jamoasi hali ochilmagan "yopiq kitob" va ular baribir bizga qarshi o‘yinda mutlaq favorit sifatida maydonga tushib, o‘ta xotirjamlikka berilishlari mumkin. Bizda esa yo‘qotadigan hech narsa yo‘q, aynan mana shu "syurpriz faktori" katta sahnada raqiblarni shoshirib qo‘yish uchun yaxshi imkoniyatdir. Qolaversa, mundialning 48 ta jamoalik yangi formati biz kabi terma jamoalarga qo‘shimcha umid bag‘ishlaydi. Endilikda guruhda hattoki uchinchi o‘rinni olgan eng yaxshi jamoalar ham pley-offga yo‘l olishini inobatga olsak, guruhdagi har bir gol va har bir ochko bizni keyingi bosqichga yaqinlashtirishi mumkin. Shundoq ham tarixiy voqelik bo‘layotgan ushbu turnirda yigitlardan faqat maydonda borlarini berib, mana shu imkoniyatdan zavqlanib o‘ynash talab etiladi, xolos.
Olg‘a, O‘zbekiston!!!
O‘zbekiston milliy jamoasining JCH-2026 guruh bosqichi uchun taqvimi: * 18-iyun, 07:00 O‘zbekiston — Kolumbiya (Meksika, Mexiko)
23-iyun, 22:00 Portugaliya — O‘zbekiston (AQSH, Hyuston)
28-iyun, 04:30 Kongo DR — O‘zbekiston (AQSH, Atlanta)
Ma’lumot uchun, guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar, shuningdek, eng yaxshi uchinchi pog‘ona egalari pley-offga yo‘llanma oladi.
Teglar






