add

O‘zbekiston-Pokiston yangi xalqaro transport yo‘lagi tashkil qilinadi

O‘zbekiston va Pokiston yangi xalqaro transport yo‘lagini ochib, Karachi portida milliy omborlar tashkil etishga kelishdi.

O‘zbekiston-Pokiston yangi xalqaro transport yo‘lagi tashkil qilinadi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida transport sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi kelishuvlarga erishildi. Unga ko‘ra, Pokiston — Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston xalqaro transport yo‘lagi tashkil etiladi hamda Karachi portida O‘zbekiston omborlari barpo etiladi. Bu qarorlar O‘zbekiston transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga amaliy tashrifi doirasida qabul qilindi.

Eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston temir yo‘li loyihasi belgilandi. Pokiston temir yo‘llar vaziri o‘rinbosari Mazxar Ali Shoh bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida qisqa muddatda dala tadqiqot ishlarini boshlashga kelishildi. Bu loyiha Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyo portlariga chiqishini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.

photo_2026-02-04_21-22-59

Shuningdek, Pokiston kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Ali Shoh Masud bilan Pokiston — Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston transport yo‘lagini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tomonlar joriy yil fevral oyida ushbu yo‘nalishda pilot tashuvlarni amalga oshirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Pilot loyiha yangi koridorning iqtisodiy samaradorligi va logistika imkoniyatlarini baholashga xizmat qiladi.

Karachi portida O‘zbekiston omborlari tashkil etiladi

Delegatsiya tashrifi doirasida Pokistonning dengiz ishlari vaziri o‘rinbosari Umar Zafar Sheyx va Karachi porti raisi Shaxid Axmed bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda O‘zbekiston yuklari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, port orqali tranzit hajmlarini oshirish va investorlarga imtiyozlar berish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar yakunida Karachi portida O‘zbekiston omborlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu qadam O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalarini arzonlashtirish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va milliy eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid